1

O`zbekiston professional boks federasiyasi WBC tashkiloti a`zosiga aylandi

Sport 20.07.2022, 13:41
O`zbekiston professional boks federasiyasi WBC tashkiloti a`zosiga aylandi

Osiyo WBC boks ittifoqi shtab kvartirasidan O`zbekiston professional boks federasiyasiga rasmiy maktub keldi. Unda O`zbekiston professional boks federasiyasi rasman Osiyo WBC boks ittifoqiga, bu esa o`z navbatida avtomatik tarzda Butunjahon boks uyushmasi (WBC)ga qabul qilinganligi aytilgan.  Bu haqda O`zbekiston professional boks federasiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Biz ulkan mamnuniyat ila O`zbekiston professional boks federasiyasining safimizga rasman qabul qilinganini e`lon qilyapmiz. WBC va O`zbekiston o`rtasida keng qamrovda hamkorlik o`rnatiladi. Iste`dodli, kelajagi porloq sifatida qaralayotgan professional bokschilarga WBC shafe`ligida o`tkaziladigan mintaqaviy chempionatlar, boks oqshomlarida ishtirok etish uchun amaliy ko`mak beriladi. Shuningdek, O`zbekiston hududida ham WBC bayrog`i ostidagi boks kechalari o`tkaziladi", deyiladi WBC-ABC prezidenti Kovit Bxakdibxumi tomonidan imzolangan maktubda.

WBC qoidalariga ko`ra, milliy federasiyalarga WBC tashkilotiga a`zolik qit`aviy uyushma tomonidan taqdim etiladi. Osiyo WBC boks ittifoqiga a`zo bo`lish esa to`g`ridan-to`g`ri WBC tashkilotining to`laqonli a`zosi bo`lishni anglatadi.

WBC – dunyodagi eng nufuzli boks tashkiloti hisoblanadi. Ushbu tashkilotga 1963 yilda asos solingan bo`lib, shtab-kvartirasi Meksikada joylashgan. Ayni paytda meksikalik Maurisio Suleyman WBC prezidenti lavozimida tashkilotni boshqarib kelmoqda. Turli yillarda Muhammad Ali, Jo Freyzer, Mayk Tayson, Lennoks Lyuis, Floyd Meyvezer, Vitaliy Klichko, Meni Pakyao va boshqa ko`plab dunyo boks afsonalari WBC yo`nalishida jahon chempioni bo`lishgan.

WBC tashkilotiga a`zo bo`lish O`zbekiston professional boks federasiyasiga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Birinchi navbatda yurtimizda professional boks rivojlanishning yangi bosqichiga ko`tariladi. O`zbekiston professional boks federasiyasi WBC bilan hamkorlikda taniqli ekspertlar ishtirokida hakamlar, katmenlar, shifokorlar, supervayzerlar, murabbiylar va boshqa soha mutaxassislarining mahorat hamda tajribasini oshirish uchun trening va master-klasslar o`tkazadi.

WBC va boshqa nufuzli tashkilotlar bilan xalqaro munosabatlarni keng qamrovda yo`lga qo`yish aprel oyida ish boshlagan yangi O`zbekiston professional boks federasiyasi rahbariyati oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Yangi jamoaning qisqa muddatda olib borgan sa`y-harakatlari ilk natijani berdi. Rasman WBC a`zoligiga qabul qilindik. Endi WBA, WBO va IBF singari qolgan nufuzli boks tashkilotlari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yamiz. Bu borada ham amaliy ishlar boshlangan.

Ma`lumot o`rnida aytish joiz, O`zbekiston professional boks federasiyasining birinchi o`rinbosari G`ofur Rahimov mamlakatimiz professional boksi asoschilaridan bo`lib, soha rivojiga ulkan hissa qo`shib kelyapti. Aynan G`ofur Ahmedovichning tashabbusi bilan O`zbekistonda birinchi professional boks kechasi tashkil etilgan. 2001 yilning 21 seniyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida o`tkazilgan professional boks oqshomida havaskorlar o`rtasida Olimpiada va jahon chempioni Muhammadqodir Abdullaev, havaskorlar o`rtasida ikki karra jahon chempioni, professionallarda WBA yo`nalishi chempioni Ruslan Chagaev, WBO yo`nalishida ikki karra Osiyo va Tinch-Okeaniya mintaqasi chempioni Quvonchbek Toygonbaev, rossiyalik Olimpiada va jahon chempioni Aleksandr Lebzyak hamda boshqa taniqli bokschilar ringga ko`tarilishgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1