1

O`zbekiston Prezidenti Xitoy delegasiyasini qabul qildi

Siyosat 28.07.2022, 16:34
O`zbekiston Prezidenti Xitoy delegasiyasini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 iyul kuni ShHTga a`zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a`zosi, tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotining bo`lajak Samarqand sammiti kun tartibi ko`rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Xitoy tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi. Xitoy tomoni tobora yuqori sur`at bilan rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholayotgani qayd etildi. Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to`liq qo`llab-quvvatlanayotgani ta`kidlandi.

Aytish joizki, Xitoy an`anaviy ravishda mamlakatimizning etakchi va ishonchli hamkorlaridan biridir. Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Joriy yil boshidan o`zaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yil yakunida tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari 10 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda.

Xitoy kompaniyalari va bank institutlari ishtirokida sanoat kooperasiyasi va infratuzilmani modernizasiya qilish bo`yicha qator yirik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda O`zbekiston iqtisodiyotiga yo`naltirilgan investisiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

Mamlakatimiz etakchisi o`zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, kambag`allikka qarshi kurashish, qishloq xo`jaligi va sanoat mahsulotlarini eksport qilish, innovasiyalarni joriy etish, muqobil energetika, “bulutli” texnologiyalar, IT kabi va boshqa yo`nalishlarda tubdan kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini alohida qayd etdi.

Gumanitar, shu jumladan ta`lim va sog`liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini tashkil etish borasidagi almashinuv dasturini ilgari surishga muhim e`tibor qaratildi.

Strategik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, “Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston” va “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo`llari loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bilan bog`liq masalalar alohida ko`rib chiqildi.

Uchrashuvda Afg`onistonning tinch taraqqiyoti va iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko`maklashish borasidagi o`zaro sa`y-harakatlar qo`llab-quvvatlandi. Xitoy delegasiyasi kuni kecha shu masalalarga bag`ishlab o`tkazilgan Toshkent konferensiyasining samarali natijalarini yuqori baholadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1