Sevimli

Toshkentda hamkasbini o`ldirgan san`atkorga sud hukmi o`qildi

Jinoyat 13.08.2022, 13:43
Toshkentda hamkasbini o`ldirgan san`atkorga sud hukmi o`qildi

Muqaddam o`g`rilik, qasddan badanga engil shikast etkazish jinoyatlarini sodir etgan 26 yoshli, oilali san`atkor shaxs bu gal qo`lini qonga botirdi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, jabrlanuvchi ham, sudlanuvchi ham san`at vakillaridan bo`lishgan... 

Sudlanuvchi o`zining iste`moli uchun tanishidan giyohvandlik vositasini sotib olish maqsadida, unga 350 000 so`m bergan. Biroq tanishi va`dasini bajarmasdan, sudlanuvchiga giyohvandlik moddasini etkazib bermaydi. Natijada ular o`rtasida bo`lib o`tgan o`zaro suhbatlar jarayonida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Buning zamirida sudlanuvchida tanishidan o`ch olish maqsadi paydo bo`lgan. 

So`ng, sudlanuvchi tanishiga qo`ng`iroq qiladi. Uning taklifi bilan shu kuni tanishining xonadoniga boradi. Ichkariga kirgach, muqaddam uni haqoratlagani sababli u bilan o`zaro janjallashadi. Uni qasddan o`ldirish maqsadida, xonadonda bo`lgan oshxona pichog`i bilan qurollanadi. Yuvinish xonasiga kirgan tanishining ortidan kelib, pichoq bilan uning ko`krak qafasi o`ng tomon yuqori qismi, chap kurak osti qismiga sanchilgan-kesilgan jarohatlari etkazadi. Tanishining harakatsiz yotganligini ko`rganidan so`ng voqea joyidan yashiringan.

Hayot uchun xavfli bo`lgan, ko`krak qafasi chap tomoni orqa yuzasini teshib kirgan chap o`pka va plevra varaqalarini shikastlagan sanchib-kesilgan jarohati oqibatida ichki va tashqi qon ketishdan tanishi tez-tibbiy yordam mashinasida vafot etgan.

“QASD OLISh UChUN O`Z VAQTINI KUTIB KELDIM”

Sudda sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo`ldi...

— 2016 yilning yoz oylarida to`y marosimida xizmatda yurganimda, boshqa bir guruh a`zolaridan biri bilan tanishib qolganman. Tanishimning taklifi bilan to`yxona tashqarisiga chiqib, u olib kelgan nasha giyohvandlik vositasini iste`mol qildik. Keyin u meni giyohvandlik vositasi bilan tez-tez mehmon qilishni boshladi. Nashani qaerdan olayotgani aytmagan. Orada u “hozir nasha yo`q”, deya “Lirika”ni 20 000 so`m evaziga sotib olishni taklif qildi. Rozi bo`lib, bir o`zim iste`mol qildim. Oradan yillar o`tdi... Zararli odatga ko`ra, tanishimdan iste`molim uchun gashish sotib olish maqsadida qo`ng`iroq qildim. Topib berishini aytgani uchun uchrashib 350 000 so`mni olib, gashishni olib kelishni va`da qildi. Biroq, olib kelmadi. Unga bir necha marotaba qo`ng`iroq qildim. Meni haqorat qildi, keyin esa qo`ng`iroqlarimga javob bermay qo`ydi. Undan qasd olish uchun o`z vaqtini kutib keldim. Dorixonadan 6 dona kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini sotib olib, iste`mol qildim. Uyga qaytganimdan keyin tanishimning qilgan ishi esimga tushib qoldi. Tanishimga qo`ng`iroq qilib, “aka, unaqa yo`q bo`lib ketmang, bosh og`rib keti-ku biror nima yo`qmi?” deya undan giyohvandlik vositasi bilan mehmon qilishini so`radim. U “ukam yangi uyimda bir o`zimman, mehmon qilaman”, dedi. Asl maqsadim esa undan menga nisbatan qilgan haqorati bo`yicha qasd olish bo`lgan. Manzilga etib borganimda tanishim kutib olib, xonadoniga olib kirdi. Unga “esingdan chiqib qolmadimmi, 350 000 so`mimni olib ketganding. O`lganni ustiga tepgan qilib, onamdan so`kib, meni haromi degansan”, deya janjallashib ketdik. So`ng tanishimga “bo`ldi, nashani oling, taksi kutib turibdi, chakib ketaman” dedim. U nashani iste`mol qilish uchun tayyorlab turgan vaqtida, o`zi bilan oshxonadan pichoqni olib keldi. Unga “nashani tayyorlab, hammomga kiring va chelakka suv oling” deb aldab, qo`lidan pichoqni oldim. Shu vaqtda u bukilgan holatida chelakka suv to`ldirib turgan vaqtida, qo`limdagi pichoq bilan hammomga kirib, “esingdan chiqdimi onamni so`kkaning?” deya bor kuchim bilan tanasining turli joylariga bir necha marotaba pichoq tiqdim. Qo`l va oyoqlarim bilan urib, unga tan jarohat etkazdim. Ushbu zarbalardan yotgan joyidan turolmay qoldi. Keyin qo`limdagi pichoqni o`zim bilan olib, xonadondan yugurib chiqdim. Uyning yo`lakchasida dastro`molim bilan qo`limni qon dog`laridan tozaladim. Pichoqni dastro`molga o`rab, cho`ntagimga yashirib qo`ydim. Ko`chaga chiqib, men bilan birga kelib, mashinasida kutib o`tirgan boshqa bir tanishim bilan ketdim. Keyin yo`lda tushib qolib, pichoqni kanalga tashlab yubordim. Ukam va bir tanishim bilan ko`rishdim. Ular meni avtomashinaga o`tkazishib, ichki ishlar organlariga olib borishdi. Xodimlarga bo`lib o`tgan holatlarni to`liq bayon qilib berdim. Hozirda qilgan ishidman chin ko`ngildan pushaymonman.

“ORALARIGA SOVUQChILIK TUShGANINI SEZGANDIM...”

Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili – rafiqasi quyidagilarni bayon qildi...

— Turmushimizdan 2 nafar farzandimiz bor. Marhum turmush o`rtog`im san`atkor edi. 2021 yilning bahorida uyimizni sotib, boshqa tumandan yangi xonadon sotib oldik. Biroq u ta`mir talab bo`lgani uchun ishlari tugaguncha ma`lum vaqt qizlik uyimda, erim esa qayinopamnikida yashadik. Erim har kuni xonadondagi kamchiliklarni ta`mirlash ishlarini olib borgan. Mudhish voqea sodir bo`lgan kun erim tanishi qo`ng`iroq qilgani va bozorga borib unitaz olib kelib, o`rnatishini aytgandi. Oradan taxminan ikki soat o`tganidan keyin qaytib erimga qo`ng`iroq qilsam, javob bermadi. Soat 20:00 larda amakim qo`ng`iroq qilib, yangi uyda pichoqbozlik bo`lgani, erimdan xabar olishimni aytdi. Yangi uyga borganimda, tegishli organ xodimlaridan erimni tanishi pichoqlab qo`yganini va natijada vafot etganidan xabar topdim. Ertasi kuni erimning dafn marosimlarini o`tkazdik. Erimning tanishi ham san`at olami vakili. Turmush o`rtog`im va uning munosabatlari dastlabki paytlarda yaxshi bo`lgan. Biroq oxirgi paytlarda oralariga sovuqchilik tushganini sezgandim... 

SUD HUKM QILDI...

Muzaffar KUKIEV, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi:

— SudlanuvchiJinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 96-moddasini qo`llab, jazoni ijro etish joylarida giyohvandlikdan (nasha) hamda toksikomaniyadan (Regopen, Tropikamid va Zardeks) majburiy tarzda davolash tibbiy yo`sindagi majburlov chorasi qo`llanilishi belgilandi.

 

 

Sharhlar