AsosiySiyosat

Markaziy Osiyoning rivojlanishi Afg`onistonda tinchlikni ta`minlash bilan uzviy bog`liq – Vladimir Norov

'Markaziy Osiyoning rivojlanishi Afg`onistonda tinchlikni ta`minlash bilan uzviy bog`liq – Vladimir Norov'ning rasmi

O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasidagi nutqida qo`shni Afg`onistondagi vaziyatga e`tibor qaratdi.

Xususan, Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari Afg`onistonda tinchlikni ta`minlash bilan uzviy bog`liqligini ta`kidladi.

“Biz chuqur gumanitar inqirozni boshdan kechirayotgan ushbu mamlakatga xalqaro e`tiborning pasayishidan xavotirdamiz, - dedi V.Norov. - Afg`onistonning mavjud muammolar qurshovida yakkalanib qolishiga yo`l qo`ymaslik nihoyatda muhimdir. Bu, shubhasiz, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin”.  

Qayd etilganidek, joriy yil iyul oyida Afg`oniston muvaqqat hukumati delegasiyasi ishtirokida Toshkentda bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya jahon hamjamiyatining ushbu mamlakatga nisbatan izchil yondashuvlarni ishlab chiqishdan manfaatdorligini ko`rsatdi.  

Vazirning so`zlariga ko`ra, Afg`oniston iqtisodiyotini tiklash, uning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga qo`shilishi, infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo`nalishi bo`lishi kerak. Ushbu muammolarni hal qilish uchun BMT, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning ko`magi zarur.

O`zbekiston Afg`onistonga ko`maklashish bo`yicha xalqaro sa`y-harakatlarga o`z hissasini qo`shmoqda. Chegaradosh Termiz shahrida Xalqaro transport-logistika xabi tashkil etilib, BMT tuzilmalari tomonidan Afg`onistonga gumanitar yordam ko`rsatishda uning imkoniyatlaridan keng foydalanmoqdalar.

Termiz shahrida Afg`onistonni gumanitar qo`llab-quvvatlash bo`yicha maxsus jamg`armani tashkil etish bo`yicha taklif bildirildi. Jamg`arma mablag`lari ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta`lim dasturlari va sog`liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo`naltirilishi ko`zda tutilmoqda.

V.Norov O`zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan joriy yil iyul oyida qabul qilingan "Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasidagi o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash to`g`risida"gi rezolyusiyasiga e`tibor qaratdi. Mazkur hujjatda Afg`onistonni iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish, uni ikki mintaqani bog`laydigan ko`prikka aylantirish ustuvor o`rin tutadi.

Mazkur g`oyalarning hayotga tadbiq etilishi uchun "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar" temir yo`lini qurish kabi transmintaqaviy infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi lozimdir.  

- Afg`onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etish muammolarini hal etishga O`zbekiston tomonidan BMT ko`magida Toshkent shahrida O`zaro bog`liqlik bo`yicha mintaqalararo markaz tashkil etilishi ham ko`maklashadi, - dedi O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri.

    Boshqa yangiliklar