Turkmanistonda O`zbekistonga gaz etkazib berish uzilib qolgani tufayli mansabdorlar hibsga olindi

Dunyo 07.02.2023, 19:37
Turkmanistonda O`zbekistonga gaz etkazib berish uzilib qolgani tufayli mansabdorlar hibsga olindi

Turkmanistonning "Turkmengaz" davlat konsernida 6 kishi, jumladan, Moddiy-texnika resurslari va asbob-uskunalar boshqarmasi rahbari Shuhrat Ajdarov va "Turkmengazaqdirish" uyushmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Chopanov hibsga olindi. Ular Turkmanistondagi eng yirik "Galqinish" gaz konida yuz bergan avariya va O`zbekistonga gaz etkazib berishning to`xtab qolishida aybdor deb topilgan. Bu haqda Turkmen.news xabar berdi.

Qayd etilishicha, "Turkmengaz" rahbari Botir Amanov va uning o`rinbosari Otamurod Choriev hozircha jazodan qutulib qolishga muvaffaq bo`lgan.

Turkmaniston bosh prokuraturasi hisob-kitoblariga ko`ra, Galqinish konidan O`zbekistonga gaz etkazib berish to`xtab qolgan 6 kunda etkazilgan zarar miqdori 59,7 million dollarni tashkil qilgan. Bundan tashqari, Turkmanistonni Xitoyga gaz etkazib bermagani uchun ham jarima kutmoqda.

Galqinish konida avariya yanvar oyining eng sovuq kunlarida quritish datchiklari ishlamay qolgani oqibatida yuz bergan edi.

Turkmen.news manbasining xabar berishicha, O`zbekiston tomoni gaz etkazib berilishida uzilish bo`lgani uchun Turkmanistondan katta miqdorda pul kompensasiyasi talab qilgan. Biroq muzokaralardan so`ng, O`zbekiston tomoni etkazilgan zarar miqdorida suyultirilgan gaz olishga rozi bo`lgan. Turkmaniston rasmiy matbuotida suyultirilgan gazning bepul berilishi «qo`shni davlatga do`stona va birodarlik yordami» sifatida taqdim etilgan.

Manbaning qayd etishicha, Turkmaniston tomoni O`zbekistondan bu harakatlarga izoh bermaslikni so`ragan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1