1

Qatar kompaniyalari 12 milliard dollardan ziyod yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etadi

Siyosat 06.06.2023, 14:48
Qatar kompaniyalari 12 milliard dollardan ziyod yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etadi

Samarqand shahridagi Kongress markazida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo`lib turgan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralari bo`lib o`tdi.

Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo`lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko`tarishga xizmat qilishi qayd etildi.

- Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o`zimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan so`nggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda, - dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o`rin tutgani ta`kidlandi. Qatar tomoni Dohada O`zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur`at bag`ishlashiga ishonch bildirdi.

Tomonlar o`zaro savdo ko`rsatkichlarini oshirish, qo`shma investisiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta`kidladilar.

Qatarning etakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo`jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Istiqbolli loyihalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida shu yil sentyabr oyida O`zbekiston-Qatar investisiya forumini o`tkazish hamda qo`shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko`rib chiqish taklif etildi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko`rfaz mamlakatlari bilan bog`laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo`laklarni shakllantirish muhimligini qayd etdilar.

Madaniyat, ta`lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan sa`y-harakatlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga, shu jumladan birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko`rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o`tkazishga kelishib olindi. Mamlakatlarimiz poytaxtlari o`rtasida yo`lga qo`yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va o`zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar Afg`onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo`llab-quvvatlash va afg`on xalqiga insonparvarlik yordami ko`rsatilishi muhimligini ta`kidladilar.

Shu ma`noda, Transafg`on temir yo`lini barpo etish bo`yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Uchrashuv so`ngida shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy davlatimiz rahbarini Qatarga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Muzokaralar konstruktiv, ochiq va ishonchli ruhda o`tdi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1