O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan 18 iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari Tehron shahrida Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiy bilan uchrashuvlar o`tkazishi rejalashtirilgan.
Muzokaralarda O`zbekiston bilan Eron o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarni hamda ustuvor yo`nalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqiladi. Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi.
Shuningdek, O`zbekiston Prezidenti ushbu mamlakat yirik ilm-fan va ishlab chiqarish muassasalarining mahsulotlari namoyish etiladigan “Eronning innovasiyalar va texnologiyalar sohasidagi yutuqlari” nomli ko`rgazmaga tashrif buyuradi.
Tashrif doirasida har tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi ko`zda tutilgan.