Ertaga, 25 iyun kuni tonggi soat 06:00 da mamlakatimizning 16 ta shahrida Xalqaro olimpiya kuni va Yoshlar kuni munosabati bilan «Yangi Nafas» ommaviy yugurish musobaqasi start oladi.
Respublika bo`ylab poygada 50 mingdan ortiq yuguruvchi ishtirok etadi. Shuningdek, mazkur poygaga ilk bor Qozog`iston, Qirg`iziston va Tojikistonlik yuguruvchilar ham qo`shiladi.
Ertaga Toshkentda «Humo Arena» sport majmuasi maydonida «Yangi Nafas» marafoni boshlanadi. Ishtirokchilar Olympic Day munosabati bilan 3 km, 10 km va 1 mil (1,61 km) masofalardan birini tanlashlari mumkin.
Farg`ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Nukus shaharlarida ikki masofadan birini tanlash mumkin — 3 km va 1 mil, Andijon, Guliston, Nurafshon, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, G`uzor, Urganch shaharlarida esa faqat 3 km masofa mavjud.
Barcha shaharlarda tonggi soat 6:00 da musobaqaga start beriladi.
Ertaga soat 19:30 dan 21:30 ga qadar «Milliy Bog‘» istirohat va madaniyat bog`ida Yoshlar kuni va Olympic Day kuniga bag`ishlab o`tkaziladigan «Yangi Nafas» yugurish musobaqasi munosabati bilan mashhur o`zbek estradasi yulduzlari ishtirokida bayram konserti bo`lib o`tadi.
Konsert davomida «Yangi Nafas» yugurish musobaqasi g`oliblariga tantanali ravishda sovg`alar va sovrinlar topshiriladi.






