AsosiySiyosat

O`zbekiston va Qatar etakchilari sheriklikni yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldilar

'O`zbekiston va Qatar etakchilari sheriklikni yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldilar'ning rasmi

Dohadagi “Amiri Devon” majmuasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo`lib o`tdi.

Davlatimiz rahbari Qatar Amirini tashrif bilan kelish taklifi hamda O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilayotgan mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko`rib chiqildi.

Qatar Amiri joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrif mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani ta`kidlandi. O`zbekiston bilan Qatar o`rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qat`iy intilish bildirildi.

Turli darajalarda muloqotlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro savdo hajmi oshmoqda, ikki mamlakat poytaxtlari o`rtasida aviaqatnovlar yo`lga qo`yildi. Qatarning yirik kompaniyalari bilan qo`shma loyihalar boshlandi.

Tashrif arafasida Dohada O`zbekiston elchixonasi ochildi, uning faoliyati samarali sheriklikni faol rivojlantirishga kuchli sur`at bag`ishlaydi.

Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan hamda Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang bo`lgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berildi.

Tomonlar savdo ko`rsatkichlarini karrasiga oshirish, an`anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024 yil yanvar oyida Dohada qo`shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig`ilishlari va biznes forumini o`tkazish taklif qilindi.

Madaniyat, ta`lim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan sa`y-harakatlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.

O`zbekiston Qatarning ilmiy va ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun`iy intellekt, “yashil” energetika borasida qo`shma tadqiqotlar o`tkazishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi. Dohada O`zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o`tkazishga kelishib olindi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Transafg`on temir yo`lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo`llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tomonlar Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash uchun afg`on xalqiga gumanitar yordam ko`rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo`shma “yo`l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro`yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirig`ini berdilar.

Muzokaralardan so`ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli to`plami imzolandi.

    Boshqa yangiliklar