AsosiyDunyo
1420

JSST G`azoda "o`sib borayotgan falokat" haqida ogohlantirmoqda

'JSST G`azoda "o`sib borayotgan falokat" haqida ogohlantirmoqda'ning rasmi

G`azoda tinch aholining ahvoli soat sayin yomonlashmoqda. Bu haqda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Isroil armiyasi tomonidan anklavga uyushtirilgan bir qator kuchli aviazarbalardan so`ng ma`lum qildi.

JSST bosib olingan Falastin hududi bo`yicha vakili doktor Rik Piperkorn G`azodan video havola orqali Jenevada jurnalistlarga bergan intervyusida “Bombalash hamma joyda, jumladan janubiy hududlarda, Xon Yunis va hatto Rafahda ham kuchaymoqda”, dedi. Shuningdek, u so`nggi bir necha kun ichida o`z hayotidan qo`rqib, uylarini ommaviy ravishda tark etayotgan ichki ko`chirilganlar soni sezilarli darajada oshganini, hozir esa sektorning markaziy qismida joylashganligini ta`kidladi.

"Xavfsiz zonalar"

BMT Bolalar jamg`armasi (YuNISEF) vakili Jeyms Elder, o`z navbatida, harbiylarni tinch aholini himoya qilish uchun barcha choralarni ko`rish majburiyatini yuklagan xalqaro gumanitar huquqni eslatdi. Uning so`zlariga ko`ra, tinch aholining "xavfsiz zonalar"ga o`tishi kerakligini bir tomonlama e`lon qilish qabul qilinishi mumkin emas, vaholanki, gap aslida suv, elektr va kanalizasiyasiz piyodalar yo`laklari yoki eskirgan binolar haqida ketmoqda.

"Hudud bombalanmagani uni xavfsiz hudud deb hisoblash mumkin degani emas", dedi Jeyms Elder.

G`azo Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, 3-4 dekabr kunlari kamida 349 falastinlik halok bo`lgan, 750 nafari yaralangan. Isroil manbalarining xabar berishicha, ayni davrda uch nafar isroillik askar halok bo`lgan, har 10 g`azolikdan 8 tasi uysiz qolmoqda

BMTning Falastinlik qochqinlar agentligi (UNRVA) ma`lumotlariga ko`ra, 7 oktyabrdan beri deyarli 1,9 million kishi, ya`ni G`azo aholisining 85% dan ortig`i ichki ko`chirilgan. 1,2 millionga yaqin mamlakat ichida ko`chirilgan odamlar UNRVAning 156 ta ob`ektida boshpana topdilar.

Oxirgi havo hujumlarida UNRVAning kamida 19 xodimi halok bo`ldi, 7 oktyabrdan beri halok bo`lgan agentlik xodimlarining umumiy soni 130 nafarga etdi.

G`azo sog`liqni saqlash idoralari hisob-kitoblariga ko`ra, hozirgi keskinlik boshlanganidan beri kamida 15 523 falastinlik halok bo`lgan, ularning 70 foizi ayollar va bolalardir. "Ko`pchilik bedarak yo`qolgan", dedi UNRVA. “Ular vayronalar ostida qolgani taxmin qilinmoqda”.

"O`sib borayotgan falokat"

O`tgan yakshanba kuni anklavga gumanitar yordam va 69 ming litr yoqilg`i bilan 100 ga yaqin yuk mashinasi etib keldi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OChA) ma`lum qilishicha, shanba kuni G`azoga taxminan bir xil miqdordagi yuklar etib kelgan. Bu 24-30 noyabr kunlari bo`lgan janglar sukunatida G`azoga kirib kelgan kunlik o`rtacha 170 yuk mashinasi va 110 ming litr yoqilg`idan ancha past.

"Bu, albatta, juda oz", deb ta`kidladi doktor Pieperkorn va "o`sib borayotgan falokat" sharoitida G`azo ko`proq dori-darmon, oziq-ovqat, suv va yoqilg`iga muhtojligini ta`kidladi.

Uning so`zlariga ko`ra, hozirda sektor shimolida ko`plab jarohatlar olgan bemorlar bilan gavjum Al-Ahli kasalxonasidan tashqari deyarli birorta tibbiyot muassasasi ishlamaydi. JSST vakili yaqin orada anklav janubida ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinligidan chuqur xavotir bildirdi.

Rik Piperkorn yakshanba kuni Xon Yunisdan Rafahga tibbiy buyumlarning katta partiyasi etkazilganini tasdiqladi. Uning tushuntirishicha, Xon-Yunisdagi omborlar aholini evakuasiya qilish buyurilgan va yaqin kunlarda faol jangovar hududga aylanishi mumkin bo`lgan hududda joylashgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar