AsosiySport
3453

APL uchrashuvlarning birida futbolchining yuragi to`xtab qoldi

'APL uchrashuvlarning birida futbolchining yuragi to`xtab qoldi'ning rasmi

APL 17-turi doirasida “Bornmut” va “Luton” uchrashuvi ikkinchi bo`lim 62-daqiqada noxush voqea tufayli to`xtatildi — mehmonlar jamoasi sardori Tom Loker hushidan ketib qoldi. 

Loker hech qanday to`qnashuvsiz gazonga qulaganida dastlab maydondagi futbolchilar uning oldiga yugurib borishdi va zaxira o`rindig`idagi tibbiyot xodimlaridan futbolchiga yordam berish uchun maydonga chiqishni so`ragan. Shifokorlar Lokerga shoshilinch yordam ko`rsatishga kirishgan.

Uchrashuv bosh hakami Saymon Huper o`yinni to`xtatdi va ikki jamoa futbolchilarini kiyim almashtirish xonasiga olib ketdi. “Bornmut” jamoasi muxlislari raqib himoyachisining ismini aytib, uni qo`llab-quvvatlab tushishdi.

Futbolchini zambilga ortgan holda maydondan olib chiqib ketishdi, ko`p o`tmay o`yinni qoldirish to`g`risida qaror qabul qilindi. “Luton”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida darhol quyidagicha izoh berildi: “O`yinda tanaffus yuz berdi. Tom Lokerga tibbiy yordam ko`rsatilmoqda. Biz barchamiz sen bilanmiz, Loks”.

Ayrim manbalarda “Bornmut” shifokori Loker o`ziga kelgani va savollarga javob qaytarayotgani haqida aytganini xabar qildi. O`yin vaqtida futbolchining yuragi urishdan to`xtab qolgani ma`lum bo`ldi. 

O`yin qoldirilganidan keyin jamoalar muxlislarga minnatdorchilik bildirish uchun maydonga chiqishdi. Bu vaqtda tribunalar “Luton” sardorining familiyasini aytib uni olqishlashdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar