Samarqand viloyati Payariq tumanida faoliyat yurituvchi fermerga 12 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyat sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`muriy ish hujjatlariga ko`ra, “Muhammad-Oybek” fermer xo`jaligi raisi 54 yoshli Oybek Tuvalov 2023 yil dekabr oyining oxirida Telegram orqali “Payariq tuman fermerlari” nomli guruhga “Payariq Klaster” MChJning faoliyatidan norozi bo`lib xabarlar yuborgan.
Jumladan, u MChJ oldida janjal bo`lishini aytib, yig`ilishlar va namoyishlar uyushtirish va o`tkazish tartibiga qarshi xabarlar, videoxabarlar jo`natgan. Shuningdek, Tuvalov fermerlar va ishchilarni yig`ib, mast holatda ATB “Agrobank” Payariq tuman filiali binosida namoyish uyushtirgan.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo`yicha Payariq tuman sudining 4 yanvardagi qaroriga muvofiq O.Tuvalov Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 201-moddasi (yig`ilishlar, mitinglar, ko`cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o`tkazish tartibini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga 12 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.