DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarning ishonchiga kirib, korrupsion holatlarga yo`l qo`ygan bir necha shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlanganini ma`lum qildi.
Samarqand davlat universiteti «Matematika» fakulteti tyutori vazifasida ishlovchi, 48 yoshli T.A. viloyat Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, mahalliy fuqarolarning mehnat faoliyatlariga 20 yillik ish staji qo`shib, nafaqaga chiqarib berish evaziga firibgarlik yo`li bilan 3 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo`lga olindi.
Jizzax viloyati G`allaorol tumanida yashovchi, 27 yoshli O`.M. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlovchi yaqin tanishlarining imkoniyati orqali mahalliy fuqaroni kombinatga qarashli «Marjonbuloq» va «Zarafshon» oltin konlaridan biriga ishga kiritishga yordam berishini aytib, undan 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilib, olayotgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi hamda IJQK Departamenti viloyat Boshqarmasi bilan xamkorlikda o`tkazilgan faol tadbirda Samarqand shahrida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi X.E. va Pastdarg`om tumanida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalarning birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi B.V.lar qo`lga olindi.
Hokim yordamchilari jinoiy til biriktirgan holda tumandagi mahalla hududidan oqib o`tuvchi «Siyob» kanali bo`yida joylashgan, hokimlik zaxirasidagi 3,5 sotix bo`sh er maydonini Prezident Farmoniga asosan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash bahonasida auksionga chiqarib, yutib berish va tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy fuqarodan 1 300 AQSh dollarini talab qilib, oldindan 1 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni bo`nak sifatida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Hozirda yuqorida keltirilgan barcha shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.