LOT Polish Airlines aviakompaniyasi O`zbekistonga muntazam qatnovlarni yo`lga qo`yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.
Polsha aviakompaniyasi Toshkent va Varshavani muntazam havo qatnovlari bilan bog`laydi, birinchi yo`lovchi reysi 14 martga belgilangan.
Toshkent — Varshava — Toshkent yo`nalishi bo`yicha parvozlar haftasiga uch marta: dushanba, payshanba va shanba kunlari Boeing 737 MAX 8 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Aviatashuvchi aprel va may oylarida qo`shimcha parvozlarni amalga oshirish rejasini ham e`lon qildi. Qo`shimcha reys haftaning seshanba kuni Varshava — Toshkent yo`nalishida, qaytish esa chorshanba kuni bo`ladi.
"Biz Varshavani o`tkazish punkti sifatida tanlagan tranzit yo`lovchilar uchun ham, oxirgi manzili Polsha poytaxti bo`lganlar uchun ham qulay jadval ishlab chiqdik. Varshava orqali tranzit qilayotganlar 4 soatdan kamroq vaqt ichida qulay ulanishlar bilan LOT Polish Airlines`ning Skandinaviya, G`arbiy va Markaziy Evropadagi keng yo`nalish tarmoqlaridan foydalanishlari mumkin", — dedi aviakompaniya bosh direktori Mixal Fiyol.
LOT Polish Airlines Polshaning 1929 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Varshavada joylashgan aviakompaniyasidir. U dunyodagi eng qadimgi, yirik va a`zolar soni ko`p bo`lgan — Star Alliance a`zosi hisoblanadi. Aviakompaniya parkiga 80 ga yaqin samolyotlar kiradi va uning yo`nalishlar tarmog`i 100 dan ortiq yo`nalishlarni o`z ichiga oladi.