AsosiyJamiyat

2 mlrd 374 mln so`mlik davlat xaridlari bekor qilindi

'2 mlrd 374 mln so`mlik davlat xaridlari bekor qilindi'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining masofaviy monitoring tartibidagi o`rganishlarida qator davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarida qonunchilik talablari buzilishiga yo`l qo`yilganligi aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi. 

Xususan:

Xovos tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida joriy yilning 10 yanvar kuni yuk tashish xizmatini ko`rsatish bo`yicha o`tkazilgan 700,0 mln so`mlik davlat xaridi;

Andijon viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligida autsorsing xizmati ko`rsatish bo`yicha o`tkazilgan 174,0 mln so`mlik davlat xaridi ;

➖ Toshkent viloyati ixtsoslashtirilgan somatika shifoxonasi buyurtmachiligida qurilish mahsulotlari xarid qilish bo`yicha o`tkazilgan 1,5 mlrd so`mlik davlat xaridida qonun buzilishiga yo`l o`yilgan. 

Ushbu davlat xaridlarida qatnashgan tadbirkorlarning hujjatlari xarid komissiyasi raisi va a`zolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

Natijada O`zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to`qnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog`liq tartib-taomillarni tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablari buzilishiga yo`l qo`yilgan.

Mazkur holatlar bo`yicha xarid komissiyasining g`olibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish to`g`risida buyurtmachilarga Agentlikning taqdimnomalari kiritildi va to`plangan hujjatlar qonuniy chora ko`rish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

Agentlikning taqdimnomalariga binoan yuqoridagi davlat xaridlari bo`yicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinib, aybdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan.

    Boshqa yangiliklar