1

"Bunyodkor" Rivaldo va Denilsondan qariyb 9,5 million evro qarz bo`ldi

Sport 23.02.2024, 22:33
"Bunyodkor" Rivaldo va Denilsondan qariyb 9,5 million evro qarz bo`ldi

FIFA dissiplinar qo`mitasi "Bunyodkor" klubi va jamoaning sobiq o`yinchilari Rivaldo hamda Denilson o`rtasida uzoq davom etayotgan moliyaviy tortishuv bo`yicha qaror qabul qildi.

Hujjatlarga ko`ra, FIFA "Bunyodkor" klubining Rivaldo oldidagi qarzdorligi – 8,1 million evro, Denilson oldidagi qarzdorlik – 1,1 million evro mablag`ni to`lash bo`yicha qarorni O`zbekiston futbol assosiasiyasiga yuborgan.

FIFA tartib-intizom qo`mitasi a`zolari 22 fevral kuni "Bunyodkor" klubi va braziliyalik o`yinchilar o`rtasidagi mazkur ish bo`yicha qarorni qabul qilgan. FIFA qarorida quyidagilar ma`lum qilingan:

"Bunyodkor" va Rivaldo o`rtasidagi ish bo`yicha:

1. "Bunyodkor" klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017 yil 21 sentyabrda qabul qilgan qarorini to`liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023 yil 6 noyabrda chiqarilgan qarorda to`liq tasdiqlangan.

2. "Bunyodkor" klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasi va CAS qaroriga ko`ra, Rivaldo Vitor Borba Ferreyrega quyidagilarni to`lashi shart:

2 489 947 evro – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to`lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama;

5 664 000 evro – shartnoma bekor qilinishi sababli tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus.

10 ming Shveysariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.

"Bunyodkor" va Denilson o`rtasidagi ish bo`yicha:

1. "Bunyodkor" klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017 yil 21 sentyabrda qabul qilgan qarorini to`liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023 yil 6 noyabrda chiqarilgan qarorda to`liq tasdiqlangan.

2. "Bunyodkor" klubi Denilson Martinsh Nasimentoga quyidagilarni to`lashi shart:

700 000 AQSh dollari – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to`lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama;

400 000 AQSh dollari – kelishuv shartlari buzilganligi uchun tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus.

10 ming Shveysariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.

Qayd etilishicha, FIFA tomonidan "Bunyodkor" klubiga 30 kun ichida ushbu mablag`ni to`lash muhlati berilgan. Aks holda tashkilot tomonidan tegishli choralar ko`rilishi ma`lum qilingan.

Shuningdek, har ikki futbolchi bo`yicha "Bunyodkor" klubi 30 000 ming shveysar franki miqdorida jarimaga tortilgan.

Eslatib o`tamiz, Rivaldo 2008-2010 yillar davomida "Bunyodkor" klubi sharafini himoya qilib, uch karra O`zbekiston chempioni bo`lgan edi. Denilson esa 2010 yil Toshkent klubi safida chempionlikka erishgan, Oliy Ligada 14 o`yinda 4ta gol, OChLda esa 6 o`yinda 5ta golga mualliflik qilgandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1