1

Toshkent va Samarqand shaharlarida advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo`yildi

Jinoyat 07.04.2024, 13:24
Toshkent va Samarqand shaharlarida advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo`yildi

Toshkent shahridagi advokatlik byurosi advokati va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MChJ yuristi o`zaro kelishgan holda, sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, 2021 yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o`tayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni engilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSh dollari talab qilgan.

Lekin, ular so`ralgan pul mablag`ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati darakchi.uz’ga ma`lum qildi. 

Ta`kidlash lozimki, mazkur advokat 2015-2020 yillarda fuqarolik ishlari bo`yicha Bekobod tumanlararo sudining sudyasi bo`lib, MChJ yuristi esa 1999-2003 yillarda jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat sudi xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

Boshqa holatda esa, muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati sud organlaridagi tanishlari orqali, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumning jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan boshqa jazoga almashtirib berish evaziga 17 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand shahridagi advokatlik hay`ati advokati shahar prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo`yicha gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llamasliklari uchun, prokuratura tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, 1,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1