1

"O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar Yaponiya muzeyiga topshirildi

Jamiyat 13.04.2024, 15:32
"O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar Yaponiya muzeyiga topshirildi

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi xodimlari Mixo muzeyiga O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlarni topshirdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Tadbir qatnashchilarga "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasi haqida batafsil ma`lumot berildi. Ushbu loyiha yurtimizda yaratilgan durdona asarlar — arxeologik artefaktlar, noyob miniatyuralarga ega eng nodir qo`lyozmalar, amaliy san`atning turli ob`ektlarini kataloglashtirish va idrok etish g`oyasiga asoslanganligi qayd etildi. Shuningdek, ushbu nodir asarlar hozirda xorijdagi, ya`ni Rossiya, Evropa, Osiyo, Amerika, Afrika va boshqa mintaqalardagi turli muzey hamda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgani ta`kidlandi.

Mazkur kitob-albomning "Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya muzeylarida" jildida Syosoin imperatorlik xazinasi, Mixo muzeyi, Yokogoma shahridagi Evrosiyo madaniyati muzeyi, Ryukoku muzeyi, Tenri universiteti qoshidagi Tenri Sankokan muzeyi, Okayama shahridagi Yaqin Sharq san`ati muzeyi va Xirosima prefektural san`at muzeyida saqlanayotgan O`zbekiston tarixi va madaniyatiga oid muhim ma`lumotlar o`rin olgani qayd etildi.

Muzey bosh tadqiqotchisi Xajime Inagaki O`zbekiston madaniy merosi to`g`risida eng to`liq ma`lumotlarni jamlagan ushbu kitoblar turkumi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Ushbu kitob-albomlar Mixo muzeyi kolleksiyasining qimmatli eksponatlari qatoridan joy olishiga va kelgusida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish niyatida bo`lgan yapon tadqiqotchilari uchun muhim manba sifatida xizmat qilishiga ishonamiz", dedi u.

Mixo muzeyi Yaponiyaning tarixiy poytaxti – Kiotodan uncha uzoq bo`lmagan hududda joylashgan. Muzey 1997 yilda Koyama Mixoko tomonidan tashkil etilgan. Mixo muzeyida Misr va Mesopotamiyadan tortib Xitoygacha hamda qadimgi Amerika tamadduniga oid buyumlar to`plami mavjud.

To`plamda, shuningdek, Markaziy Osiyo san`atiga doir qadimgi Baqtriya madaniyatidan boshlab ilk o`rta asrlar davriga mansub san`at namunalari ham bor. Mazkur to`plamdagi eng qadimiy buyumlar eramizdan avvalgi III ming yillikning oxiri – II ming yillikning boshlariga oid bo`lib, ular Baqtriya-Marg`iyona arxeologiya majmuiga tegishlidir.

Markaziy Osiyoga doir to`plamdagi buyumlarning asosiy qismi miloddan avvalgi I ming yillikda Oks (Amudaryo) vohasida yashab o`tgan zardushtiylar tarixiga taalluqlidir.


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1