1

Shoir Erkin Samandar vafot etdi

Jamiyat 13.04.2024, 21:22
Shoir Erkin Samandar vafot etdi

Bugun, 13 aprel kuni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, shoir va davlat arbobi Erkin Samandar vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyati bo`limi xabar berdi.

Erkin Samandar 1935 yil 22 mart kuni Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug`ilgan. O`zbekiston televideniesi “Yoshlik” studiyasining bosh muharriri, adabiy-dramatik eshittirishlar dasturining bosh muharriri, “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasining muharriri vazifalarida faoliyat ko`rsatgan. 1990 yildan 1993 yilgacha O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari bo`lgan.

 “Amu jilolalari”,  “Dunyoning yoshligi” , “Osmon to`la nur”, “Vafo degan gavhar” , “Mening yigitlik vaqtim” , “Qabul soatlari”, “Sohildagi bolalar”, “Yablonya vo dvore” , “Bahor oqshomlari”, “Shedrost rassveta” , “Sevgi fasllari” , “Bu bog`ni qaysi bog` derlar”, “Sevgi kitobi”, “Va yana bahor” (Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), “Ko`ngil yoshligi”  kabi she`riy to`plamlari nashr etilgan. “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”,“ Qo`shiq izlab”, “Samarqandni oshiqlar qurgan” kabi dostonlar muallifi.

 Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan “Daryosini yo`qotgan qirg`oq”, “Tangri qudug`i", “Quduq tubidan sadolar”, “Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy”, “Sulton Jaloliddin” , “Quyun yuzlari yoxud Ogahiy” , “G`ayb qushlari” kabi romanlar ham yozgan.

Dramaturg sifatida “Javohir” (musiqali drama), “Ajdodlar qilichi” (tarixiy drama), “Jaloliddin Manguberdi” (“Yot hujra”, pesa), “Bashorat” (musiqali drama), “Arabmuhammad” (tarixiy drama), “Dilda borim” (musiqali komediya) kabi sahna asarlarini taqdim etgan. “Avaz O`tar”, “Madraim Sheroziy”, “Ming otlilar diyori”, “Ogahiy qo`lini olgan rais”, “Xiva”, “Qum sayli” kabi hujjatli-publisistik filmlari, ko`plab esselari o`zbek adabiyoti xazinasiga munosib ulush qo`shgan.

Erkin Samandarning milliy adabiyot va jurnalistika rivoji yo`lidagi mehnati inobatga olinib, u “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist” (1990) unvoni va “Do`stlik” (2015) ordeni bilan taqdirlangan.

Janoza namozi ertaga, 14 aprel kuni soat 12:00da Urganch shahri, Jaloliddin Manguberdi ko`chasidagi ijodkor xonadonida o`qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1