Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Tojikiston Respublikasining Panjikent tumani bilan chegaradosh bo`lgan Samarqand viloyatining Urgut tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda, giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug`ullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar O`zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Tezkor tadbir davomida, guruh a`zolaridan qo`shni davlatdan aylanma yo`llar orqali olib kelingan 11 kg. 502 gr. “opiy” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ulardan 2600 AQSh dollari, 12 mln. 690 ming so`m va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotikni O`zbekistonda sotishni rejalashtirishgan.
Ta`kidlash lozimki, jinoiy guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar a`zosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa, 1985 y.t. Qozog`iston Respublikasi fuqarosi to`xtatilib, uning yuk sumkasi ko`zdan kechirildi. Natijada, sumka ichida 46 kg. 738 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi bo`lgan, 1976 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shug`ullanuvchi, 1964 y.t. O`zbekiston Respublikasi fuqarosi ham ushlandi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg`onistondan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan.
Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir o`tkazishdi.
Xususan, Toshkent-Farg`ona yo`nalishida harakatlanayotgan “Jentra” rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida to`xtatilib, ko`zdan kechirildi. Natijada, Marg`ilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001 yillarda tug`ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg. 885 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi bo`lgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Marg`ilon shahrida yashovchi, 1998 y.t. shaxs ham qo`lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari ma`lum bo`ldi.
Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.