AsosiyJamiyat

Deputat Rasul Kusherbaev mas`ullarga to`rtta iltimos bilan chiqdi

Oliy Majlis QOnunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev deputatlik faoliyati, xalq manf...

'Deputat Rasul Kusherbaev mas`ullarga to`rtta iltimos bilan chiqdi'ning rasmi

Oliy Majlis QOnunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev deputatlik faoliyati, xalq manfaati yo`lida qilayotgan harakatlari davomida fuqarolarning uy-joylariga qo`yilgan snoslar masalasiga alohida e`tibor qaratib kelmoqda. Bu borada deputat ko`plab aholi maskanlariga tashrif buyurib, o`z izlanishlarini ham olib bordi. O`z o`rnida o`rganishlar natijalarini keng jamoatchilik bilan bo`lishib bormoqda. Ayni paytda Rasul Kusherbaev  “uy buzishda faol” bo`lgan mas`ullarga to`rtta iltimos bilan chiqdi:

"Boshpana qurish oson ish emas. Inson yillar davomida mablag` jamg`arib quradi, uyi bitsa dovondan o`tgani uchun “uy to`yi” qiladi.  

Biroq so`nggi vaqtlarda “uy to`yi” ayrim yurtdoshlarimizga tatimayapti. “Uy buz-uy buz” ishlari avjiga chiqayotgani xalqimizdagi mardlik va bag`rikenglik sifatlari ayrim mas`ullarda etishmayotganligini ko`rsatmoqda. Baxona tayyor – qishloq xo`jaligi uchun sug`oriladigan erlarni o`zboshimchalikdan tozalash, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash.

Ammo qishloqda uy qurgan odam tomorqasidan foydalanib, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga hissa qo`shadi. Buni ko`rishga esa ochiq ko`z kerak.

Alamli joyi bir qaysidir mas`ulning qarori bilan qonuniy, deb berilgan ayrim er uchastkalari kimningdir aybi bilan sug`oriladigan er toifasida qolib ketgani uchun fuqaro aybdor bo`lib chiqayapti. O`sha vaqtda er ajratishga qaror chiqargan shaxslar esa bugun “adashganlar”.  

Bu bugungi avlod mas`ullarining ikkiyuzlamachiligi emasmi? Davlat rahbarining odamlarni rozi qilish yo`lidagi shuncha sa`i-harakatlariga mas`ullarning shunday javob qilishi qaysi qolipga sig`adigan ish?  

Bu ham mayli “sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz...Har bir insonning taqdirini hal etishda ongimizda – adolat, tilimizda – haqiqat, dilimizda esa poklik ustuvor bo`ladi”, deya bag`rikeng xalqimizga murojaat qilgan O`zbekiston sud`yalarining ayrimlari “ochko” olish niyatidagi hokim, prokuror “bu er sug`oriladigan er”, deb mushtlab da`vo qilganiga shart uyni buzishga qaror chiqaraversa, haqligini isbotlashga uringanni og`zini ochtirmasa odamlar dodini kimga aytsin. Ollohning inoyati, tabiat sahovati bo`lgan ona er bag`rida yashash uchun uy qurmoqchi bo`lgan odamni jinoyatchiga chiqarish adolatdanmi o`zi?  

Bir qator viloyatlar qatori Toshkent viloyatining tumanlarida avjiga chiqqan bunday ishlar ongimizda shakllangan inson qadri aziz, degan tushunchaning yo`q bo`lishiga sabab bo`layotgani achinarli.

Qisqasi “uy buzishda faol” bo`lgan mas`ullardan to`rtta iltimosim bor.  

Birinchisi, kimningdir uy-joyini qishloq ho`jaligidagi sug`oriladigan er, deb buzishga qaror chiqarishda avvalo farzandlaringiz, oilangiz yashayotgan uy-joyning qanday erdaligi va qancha katta maydonni egallab turganini bir tanangizdan o`tkazib ko`rib qaror chiqaring. Aks holda sizning ishingiz kambag`alga nisbatan zulm qilishdek gap. Chunki siz zo`r berib buzayotganingiz boyni emas, kambag`alni uyi bo`lib chiqayapti.

Ikkinchisi, yo`l bo`ylarida biznes uchun qishloq xo`jaligi erlaridan yuzlab “zapravka”, savdo do`konlariga ko`z yumib ajratib berayotgan erlar ko`zingizga oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid bo`lib ko`rinmaganidek, oddiy inson yashash uchun qurayotgan uy-joylarga ham ana shunday qarich bilan qarang. Ularga ham erni qiymatini to`lab, uylarini buzilishdan saqlab qolishiga imkon bering. Bo`lmasa tenglik buziladi.  

Uchinchisi, o`z davrida aholiga uy joyga er berish ustuvor bo`lgan bo`lsa, bugun sug`oriladigan erlarni qaytarish ustuvordir balki. Biroq bu ustuvorlik davlatni lafzidan qaytadigan qilib ko`rsatish hisobiga bo`lmasligi kerak. Mas`ullar o`zgarsa ham davlatning fuqarolar oldidagi lafzi qat`iy va o`zgarmasligiga amal qiling.

To`rtinchisi, fuqarolarning ko`chmas mulklarini o`zboshimcha, deb topishda qonunlarimizdagi adolat tamoyilidan kelib chiqib, birinchi navbatda ularning aybsizligini isbotlashga urinish va “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi Qonun talablariga rioya etishni unutmang. Zero, “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi Qonunning 59-moddasida “Agar manfaatdor shaxs ma`muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma`muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o`z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma`muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo`lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim” deb belgilab qo`yilgan.  

Men bilgan qonunlarimizning mohiyatida odamlarga engillik yaratish, ularning harakatida aybsizlikni isbotlash yotadi. Agar buning aksi bo`lsa ko`chada turgan simyog`ochdan ham ayb topish mumkin.

Gapim qaysidir hokim, prokuror, sud`ya va boshqalarga tegib ketgan bo`lsa ulardan uzr so`ramayman. Tegmaganlardan uzr", — deya mulohazalrini yakunlagan deputat.

 

    Boshqa yangiliklar