my5

"Yangi O`zbekistondagi "eski O`zbekiston"ga "g`alaba" muborak!" — Rasul Kusherbaev sudda yutgan “UzAutoMotors” haqida

Jamiyat 30.10.2020, 23:32
1710
"Yangi O`zbekistondagi "eski O`zbekiston"ga "g`alaba" muborak!" — Rasul Kusherbaev sudda yutgan “UzAutoMotors” haqida

Sal avval xabar berganimizdek, bugun, 30 oktyabr kuni uzoq davom etib kelayotgan “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha o`tkazilayotgan sud jarayoni yakunlandi.

Sud yakuniga ko`ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishi bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarori haqiqiy emas deb topildi va shu tariqa “UzAutoMotors” sudda g`olib keldi. 

Ayni paytda mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda. Xususan, “UzAutoMotors” faoliyatini doimiy tanqid qilib kelgan Rasul Kusherbaev ushbu sud qaroridan so`ng yana bir bor o`z munosabatini bildirdi:

"O`zavtomotors" va uni qo`llab-quvvatlovchilarning harak(j)atlari zoe ketmadi. Ular shuni istashdi, shu bo`ldi, ular "bo`l" dedi, bo`ldi, "bo`lma", desa bo`lmasdi.  

Ularga qancha gul, pul, kuch, e`tibor kerak bo`lsa hammasi muhayyo. Faqat odamlarning ishonchi va hurmatidan tashqari... Ammo ular uchun bir chaqalik qiymati yo`q ishonch va hurmatsiz ham ular g`olib, buyuk va tengsiz bo`lib qolaverishlari mumkin. Chunki ular "eski O`zbekiston" bo`la turib "yangi O`zbekiston"ni mag`lub eta oldilar.  

Xullas yangi O`zbekistondagi "eski O`zbekiston"ga "g`alaba" muborak!  

Sudga esa gap ham yo`q", deya yozib qoldirdi deputat.

Eslatib o`tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ish 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.

Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach,  ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgandi.

Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi

2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni boshlangan edi.

Mavzuga doir:

Men Siz haqingizda ko`pchilikka ma`lum haqiqatni aytaveraman: Siz baribir monopol va nomard ishtirokchi sifatida qolaverasiz — Kusherbaev yana "O`zavtomotors"ga

Шарҳлар