Sirdaryo viloyatida is gazidan zaharlanish holati qayd etildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum bo`lishicha, kecha, 25 noyabr kuni Xovos tumani, “Do`stlik” MFYda yashovchi ayol N.Z. hamda uning voyaga etmagan farzandi Q.Sh. qo`lbola usulda yasalgan pechdan chiqqan iz gazidan kuchli zaharlanib, yashash xonadonida vafot etgan.
Shuningdek, ayolning boshqa voyaga etmagan farzandlari Q.Sh. va Q.Sh. is gazidan zaharlanib, Xovos tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo`limiga yotqizilgan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma`lumotiga ko`ra, Z.N. va Sh.Q.larning o`limi is gazidan zaharlanish oqibatida kelib chiqqanligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Xovos tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv ustidan nazorat o`rnatilgan bo`lib, natijasi haqida qo`shimcha axborot berilishi ta`minlanadi, deyilgan taqdim etilgan ma`lumotda.
Eslatib o`tamiz:
2020 yil 6 noyabr kuni Sirdaryoda yosh kelin-kuyov is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etishdi.
30 oktyabr kuni Navoiyda kollej o`quvchisi bo`lgan aka-uka uyida is gazidan zaharlanib vafot etdi.
Shuningdek, oktyabr oyida nikoh to`yiga ikki kungina bo`lgan yosh kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bir necha kun avval esa Nukusda ijarada yashayotgan 4 nafar talaba, Yangiyo`lda esa bir oila is gazidan zaharlandi.