Sevimli

Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat er osti shahri qaerda? U erga borishga undovchi 5 sabab (foto)

Jamiyat 28.01.2021, 01:43
Теглар: Foto, Turkiya, Kappadokiya
Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat er osti shahri qaerda? U erga borishga undovchi 5 sabab (foto)

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o`zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga navbatdagi sayohat uyushtirildi. Sayohatimizning uchinchi kuni ertaknamo va tarixiy Kappadokiyada bo`ldi. 

Bu erga tashrif buyurish uchun Istanbuldan bir soatlik parvoz amalga oshiriladi. Shuningdek, Kayseri aeroportidan ertaklar maskani Kappadokiyagacha transportda yana bir soatlik yo`l bosib o`tiladi va siz toshdan bunyod bo`lgan olamshumul dunyoga tushib qolasiz. Bu yer endi alohida Turkiya.

Kappadokiya vulqon otilishi natijasida paydo bo`lgan, bir-birini takrorlamas, piramida shaklidagi tepaliklar va juda qiziqarli landshaft ko`rinishiga ega bo`lgan dunyodagi yagona maskan. Joyning nomlanishi bilan bog`liq bir nechta ma`lumotlar va afsonalar mavjud. Shulardan biri: qadimiy forscha Haspaduya nomidan kelib chiqqan bo`lib, ba`zi tadqiqotchilarning fikriga ko`ra, Eronning Xuv-aspa-dahyu —  "chiroyli otlar mamlakati" degan ma`nosidan olingan. Boshqa ma`lumotlarda mintaqaning nomi Luvian Kat-patukadan olingani, ya`ni "pastki mamlakat" degan ma`noni anglatadi.

Nega aynan Kappadokiya? 

5 ta shaharchadan tashkil topgan Kappadokiya o`tgan asrlarni o`zida to`liq saqlab qolganki, butun dunyoda bunday noyob tabiiy landshaftlarni, tabiatning o`zi yaratgan ajoyib rasmlarni uchratmaysiz! Bu yer juda qadimiy, tarixi noyob va boy, u ko`plab afsonalarni o`zida saqlaydi. Har qanday insonni Kappadokiyaga kelishga undovchi besh sabab bor!

  1. Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat yerosti shahri

Kappadokiya 2 ta — yer usti va yer ostidan iborat shahar bo`lib, unda 100 dan ortiq yerosti shaharlari mavjud. Ularning eng kattasi "Qaymoqli" nomi bilan ataladi. Mazkur yer osti shahri 8 qavatdan iborat bo`lib, 20 metr chuqurlikda joylashgan. 1964 yildan boshlab sayyohlar tashrifi uchun ochilgan yer osti shahrining yuqori 4 qavatini aylanib chiqishga ruxsat berilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, yer osti shahri yer ustida hujumlar bo`lganda, qochqinlarning dushmandan himoyalanishi vazifasini o`tovchi hudud va yashash joyi hisoblangan. Ajobtovur xonachalar, tor yo`lak va maxsus omborlar dushmandan himoyalangan fuqarolar uchun yeguliklarni yaxshi saqlash va uzoq muddatgacha yashash imkonini bergan. Alohida jihati shundaki, yer osti shahriga tushish yo`laklari juda tor bo`lib, unda faqatgina bir kishigina harakatlana oladi. Bu esa agar dushman pastki shaharga hujum qilmoqchi bo`lsa, jamoaviy bo`lib harakatlanishiga yo`l qo`ymasligini ta`minlaydi. Qayd etilishicha, 5 ming yillik tarixga ega "Qaymaqli" 9 km uzunlikdagi tunnel orqali boshqa yer osti shahri Kappadokiya - Derinkuyu bilan bog`langan.

2. Uchhisor tepaligidan Kappadokiyani kashf etasiz

Ushbu qo`rg`on Kappadokiya timsollarilan biri. Qo`rg`on barcha atrof manzaralarining ustida qad ko`tarib turadi. Uchhisor tepaligidan Moviy vodiy va "Gyoreme" ajoyib manzara bo`lib ko`rinadi.

3. Kappadokiyaga kelgan mehmon qoyadagi mehmonxonada yashashi shart! 

Kappadokiyaga sayohatning o`ziga xosligidan biri — qoyadagi mehmonxonalarda yashashdir. Ma`lumotlarga ko`ra, eng mashhur mehmonxonalar Uchhisor va Gyoreme shaharchalarida joylashgan. Mehmonxonalar bir necha asrlik tarixiy noyoblikni saqlagan holda tepaliklarning bag`rida va g`orlarning ichida joylashgan. Bunday betakror muhitli mehmonxonani boshqa joydan topish mushkul. 

4. Turkiyaning eng mazali taomlari qayerda?

O`ziga xos, takrorlanmas oshxonasiga ega bo`lgan Turkiyaning eng mazali taomlari ham, shubhasiz, Kappadokiyada. Aynan shu yerda go`shtli taomlarning o`zgacha usulda pishirilganining guvohi bo`lasiz. Bunday mazali taomlarni navbat bilan balandlab boruvchi tepaliklarning ajoyib manzarasini tomosha qilgan holda yuqori kayfiyatda tanovul qilasiz.

5.  Havo shari — Kappadokiya sayohatining ajralmas qismi

Bugun dunyo aholisini Kappadokiyaga ohanrabodek tortuvchi narsa – bu havo sharlari! Ya`ni, aynan havo sharlarida uchish zavqi sabab bu yerga tashrif buyuruvchilar ko`p bo`ladi. Havo sharlarida bemalol uchish uchun eng qulay fursat kuz va bahor oylari. Qish oylarida esa ob-havodagi o`zgarishlar sabab, ba`zan buning imkoni bo`lmay qolishi mumkin. Shunga ko`ra, havo sharlarida uchishn hamisha bir kun avval tashkillashtiriladi, biroq, ob-havo noqulayligi yuzaga kelsa, uchish yana boshqa kunga qoldirilishi mumkin. 

Xullas, bir so`z bilan aytganda, Kappadokiya har bir inson ko`rishi lozim bo`lgan dunyodagi sanoqli maskanlardan biri. Biz esa afsonaviy Kappadokiyaning yana boshqa qirralarini kashf etishda davom etamiz.

Mavzuga doir:

U shunchaki shahar emas... Yoxud dunyoni o`ziga rom etgan Istanbulning siri nimada? (fotoreportaj)

Istanbulni kashf etish qaerdan boshlanadi? (fotosayohat)

 

Шарҳлар

Endi barcha tillarda Turkiya so`zi “Türkiye" kabi ifodalanadi

13.01.2022, 21:58

Kommunikasiyalar boshqarmasi mamlakat milliy va xalqaro nomining “Türkiye” sifatida ishlatilishini xalqaro ommaviy axborot vositalarida yanada samaraliroq targ`ib qilish maqsadida “Hello Türkiye" loyihasini boshladi.Turkiya prezidenti administrasiyasi...
Turkiyada koronavirusga qarshi mahalliy Turkovac vaksinasi bilan emlash boshlandi

01.01.2022, 14:39

Turkiyada koronavirusga qarshi mahalliy Turkovac vaksinasi bilan emlash boshlandi. Bu haqda Andaolu xabar berdi.Qayd etilishicha, mamlakat emlash kompaniyasi yirik shahar shifoxonalarida Turkovac vaksinasi bilan aholini...
Turkiyada bo`ron yopirilishi oqibatida uch kishi halok bo`ldi

29.11.2021, 23:13

Turkiyaning Marmar dengizi bo`yi hududlariga kuchli bo`ron yopirilishi oqibatida kamida uch kishi halok bo`ldi. Bu haqda Hurriyat xabar berdi. Qayd etilishicha, tabiiy ofat oqibatida kamida 10...
Turkiya Prezidenti Shavkat Mirziyoevni telefon orqali tabrikladi

25.10.2021, 17:44

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. Turkiya Prezidenti davlatimiz...