my5
Sevimli

Ish apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rib chiqilmaganda, sud hukmiga nisbatan shikoyat keltirish mumkinmi?

Savol-javob 24.05.2021, 14:41
Ish apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rib chiqilmaganda, sud hukmiga nisbatan shikoyat keltirish mumkinmi?

Tahririyatga quyidagicha murojaat yo`llandi:

— Tayinlangan jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan bo`lsa, yangi sud hukmi bilan tayinlangan jazoga yana eski jazoni qo`shib jazo tayinlanishi to`g`rimi? Ish apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rib chiqilmaganda, sud hukmiga nisbatan shikoyat keltirish mumkinmi? 

Savolga javob olish maqsadida Jinoyat ishlari bo`yicha Yangihayot tuman sudi sudyasi Zavqiddin YaRAShEV bilan bog`landik:

Amalda bo`lgan qonun sudlanganlik holati barham topishining faqat ikki usulini — uning tugallanishi va olib tashlanishini nazarda tutadi.

Sudlanganlik holati tugallanishi shaxsning sudlanganligi fakti bilan bog`liq barcha oqibatlarning jazo turi va muddatidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksi 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o`tganligi natijasida avtomatik tarzda (o`z-o`zidan) barham topishini anglatadi.

Jinoyat kodeksi 78-moddasi talabiga ko`ra, axloq tuzatish ishlari jazolari o`talganidan keyin bir yil o`tgach sudlanganlik holati tugallanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015 yil 18 sentyabrdagi “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo`llash bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi 13-sonli qarorining 9-bandi talabiga ko`ra, sudlanganlik holatining tugallanish muddati ozodlikdan mahrum qilish joylaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsga nisbatan JK 73-moddasi qo`llanilgan paytdan, jazosi engilrog`i bilan almashtirilgan shaxsga nisbatan esa JK 74-moddasiga muvofiq belgilangan engilroq jazo o`talgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Deylik, shaxs 2018 yil 15 oktyabrda sudning ajrimi bilan o`talmagan 1 yil 11 oy 21 kun axloq tuzatish ishi jazosini o`tashdan JK 73-moddasi tartibida muddatidan ilgari shartli ozod qilingandan boshlab, ya`ni 2019 yil 15 oktyabr holatida sudlanganlik holati tugallangan. JK 77-moddasining 4-qismi talabiga ko`ra, sudlanganlik muddatining o`tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo`ladi. Shu munosabat bilan o`talmagan jazo muddatini JK 60-moddasi tartibida yangi tayinlangan jazoga qo`shish noto`g`ri bo`ladi.

Qolaversa, 2021 yil 12 yanvardagi “Sud qarorlarini qayta ko`rish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat-prosessual kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`RQ 664-sonli Qonuni asosida 2021 yilning 13 yanvaridan apellyasiya va kassasiya instansiyalarida ish yuritish tartibi o`zgartirilib, apellyasiya tartibida chiqarilgan sud ajrimlariga nisbatan kassasiya tartibida shikoyat berish tartibi joriy qilindi.

Oliy sudi Plenumining 2021 yil 15 yanvardagi “Sud qarorlarini qayta ko`rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan prosessual qonun normalarini qo`llashning ayrim masalalari to`g`risida”gi 1-sonli Qarorining 4-bandida apellyasiya yoki kassasiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to`g`risidagi iltimosnomani ko`rib chiqishda qonunlarga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalar muddatni o`tkazib yuborishda uzrli sabab bo`ladigan holat sifatida tan olinishi mumkinligi haqida rahbariy tushuntirish berilgan.

Yuqoridagilarga asosan 2021 yil 12 yanvardagi O`RQ 664-sonli qonuni asosida kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarni apellyasiya shikoyati berish muddatini o`tkazib yuborishda uzrli sabab bo`ladigan holat sifatida tan olinadi. Shu bois, siz sud qaroridan norozi bo`lgan taqdiringizda, apellyasiya tartibida shikoyat va apellyasiya shikoyati berish muddatini tiklash to`g`risida shikoyat keltirishingiz mumkin.

Шарҳлар