my5
Sevimli

Sudga qaytadan ariza berishda ham davlat boji to`lanadimi?

Savol-javob 06.06.2021, 14:10
Sudga qaytadan ariza berishda ham davlat boji to`lanadimi?

Tahririyatga Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushdi:

— Xotinim bilan birga yashamayotganimizga bir yildan oshdi. Ajrashish uchun ariza bersam, qancha davlat boji to`layman? Agar sud arizamni rad etsa, qaytadan ariza berishda ham davlat boji to`lanadimi?

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining rais o`rinbosari Anvar YoRIEV bilan bog`landik...

— “Davlat boji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga muvofiq nikohni bekor qilish haqidagi da`vo arizalaridan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarida davlat boji undirilishi belgilangan. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 245.000 so`m etib belgilangan.

Oila kodeksining 41-moddasiga asosan agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo`q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.

Sizning da`vo arizangizni ko`rib chiqish davomida sud ishning barcha holatlarini to`liq, har tomonlama va xolisona aniqlaydi, taraflarning huquq va majburiyatlari to`liq ta`minlaydi, shuningdek, sud prosessining tarbiyaviy ta`sirini ham inobatga olib hal qiluv qarori qabul qiladi.

Ishni ko`rib chiqish davomida Sud oilani saqlab qolish imkoni bor degan xulosaga kelsa, da`vo arizasini qanoatlantirishni rad etishi, aks holatda talablarni qanoatlantirib, nikohni bekor qilishi mumkin.

Sudning qarori bilan Sizning da`vo arizangizni qanoatlantirish rad etilgan taqdirda Siz umumiy qoidaga ko`ra, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, kamida olti oy o`tgandan so`ng da`vo arizasi bilan yangidan murojaat qilishingiz mumkin. 

Ushbu holatda Siz nikohdan ajralish haqidagi da`vo arizasi bilan umumiy asoslarga ko`ra bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarida davlat boji to`lagan holda sudga murojaat qilishingiz mumkin bo`ladi.

Dildora NAZAROVA

Шарҳлар