my5
Sevimli

Insult xavfidan qanday saqlanish mumkin?

Savol-javob 15.06.2021, 17:50
Insult xavfidan qanday saqlanish mumkin?

Inslult kasalligini tashxislash, davolash usullari, salbiy oqibatlari nimalardan iborat? SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor G`OFUROV javob beradi.

— Insultga qanday tashxis qo`yiladi?

— Insult eng muhim diagnostik tekshiruvlar, xususan kompyuter tomografiya (KT) va magnit-rezonans tomografiya (MRT) asosida tashxislanadi. Ko`p hollarda, kompyuter tomografiya yordamida insult va boshqa turdagi “yangi” miya qon quyilishlarini farqlash mumkin.

MRT yordamida ishemiya maydonlarini aniqlash, shuningdek, ishemik miya zarari tarqalishini baholash mumkin. MRT gemorragik insultni ishemik insultdan farqlash, shuningdek, ta`sir maydoni va uning kattaligi aniq o`rnini aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, MRT yordamida o`xshash alomatlar bo`lgan boshqa kasalliklarni istisno qilish mumkin.

Ishemik insultda ham bir qator, jumladan, bo`yin va miya tomirlarining ultratovush tekshiruvi (UTT), exokardiografiya, miya angiografiyasi kabi qo`shimcha tadqiqotlar o`tkaziladi.

Statistik ma`lumotlarga qaraganda, ishemik insult gemorragik insultga qaraganda 8-9 marta  ko`p uchraydi.

— Ushbu xastalikni davolash usullari haqida so`zlab bering.

— Insultni umumterapevtik davolash yurak-qon tomir tizimini normallashtirish, nafas olish funksiyasini tiklash, miya shishini kamaytirish, shuningdek, qaytalanishining oldini olish va asoratlarini davolashga qaratilgan.

Insultni davolash tezda boshlanishi kerak. Birinchi bosqichda hali insult xarakteri aniqlanmagan paytda bemor hayotini saqlab qolishga qaratilgan davo muolajalari o`tkaziladi.

Bemor chalqancha, boshi sal ko`tarilgan holatda yotqiziladi. Agoniya holatida ko`chirish mumkin bo`lmagan bemorlardan boshqa hamma insult bo`lgan bemorlar maxsuslashtirilgan nevrologik bo`limga yotqizilishi kerak.

Bemorni ko`chirish vaqtida ehtiyot bo`lish, silkitmaslik lozim. Agar yurak faoliyati buzilishi o`pka shishi bilan birga uchrasa, spirt bug`i qo`shilgan kislorod bilan nafas oldiriladi.

Bemor boshi baland qilib yotqiziladi. Nafas olishi me`yorlashishi uchun elektr so`rg`ich bilan og`iz bo`shlig`i, burun va xalqum shilliqlardan tozalanadi. Til orqaga ketishini oldini olish va nafas olishni engillashtirish uchun og`izga havo naychasini qo`yish mumkin.

Insult bilan kasallangan bemorlar darhol yotqizilib, boshi baland ko`tariladi va muzli xalta, oyoqlariga issiq grelka qo`yiladi.

— Insult xavfidan saqlanish uchun nima qilish zarur?

— Aminokislotalar va vitaminlarga boy bo`lgan meva-sabzavotlarni etarli miqdorda iste`mol qilish miya insultiga olib keluvchi xatarli omillarni kamaytiradi

Ayniqsa, tarkibida askorbin kislotasi, tokoferol asetat, sianokobalamin, nikotin kislotasi, beta-karotin kabi vitaminlar qon- tomir devorlari uchun o`ta muhim ozuqadir.

Tarkibi kaliyga boy bo`lgan quruq mevalarni iste`mol qilish ham tomirlarda aterosklerotik pilikchalar rivojlanishining oldini oladi, tomir devorini shikastlanishdan asraydi, tomirning ichki devorida xolesterin to`planishini pasaytiradi, demak tromblar paydo bo`lishiga to`sqinlik qiladi.

Baliq go`shtini iste`mol qilib turish ham yurak mushaklarida moddalar almashinuvini yaxshilab, qonda xolesterin miqdorining pasayishiga yordam beradi.

Umuman olganda, barcha xastaliklar kabi insultni ham davolashdan ko`ra, oldini olish oson va samaralidir.

Шарҳлар