my5
Sevimli

Farzand bo`lmasa, ajrim qanday amalga oshiriladi?

Savol-javob 02.07.2021, 14:22
Farzand bo`lmasa, ajrim qanday amalga oshiriladi?

Farzand oilaning baxti, quvonchi. Afsuski, bu baxt hammaga ham nasib etmasligi mumkin. Shu sabab er-xotin ajrashmoqchi bo`lsa, ajrim qanday amalga oshiriladi? FHDYoga murojaat etish kerakmi yoki sudga? O`rtadagi mol-mulk qay yo`sinda taqsimlanadi? Ajrim xarajatlarini kim to`laydi? Shu kabi savollarga Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudi sudyasi Azamat Menglievga murojaat qildik...

QAY HOLLARDA SUDGA MUROJAAT ETILADI?

— Farzandsizlik sabab er-xotin ajrashmoqchi bo`lishsa, ajrashish tartibi qanday bo`ladi? Ular sud orqali ajrashadimi yoki FHDYo?

— Amaldagi Oila kodeksi (OK) normalarida nikohdan ajratish sud tartibida, ushbu Kodeksning 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshiriladi.

Xususan, OKning 42-moddasiga ko`ra, voyaga etmagan bolalari bo`lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o`zaro rozi bo`lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi. 

Agar, er-xotin o`rtasida mehnatga layoqatsiz, muhtoj er yoki xotinga moddiy ta`minot berish to`g`risida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki bo`lgan mol-mulkni bo`lish to`g`risida nizo bo`lgan taqdirda er-xotin yoki ulardan biri nikohdan ajratish to`g`risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli. 

Shu bilan birga, ta`kidlash joizki, er-xotindan birining arizasi bo`yicha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratishga yo`l qo`yiladigan holatlarga quyidagilar kiradi: 

  • er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yo`qolgan deb topilgan bo`lsa; 
  • sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo`lsa; 
  • sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo`lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo`lsa, o`rtada voyaga etmagan bolalari borligidan qat`i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko`ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi. 

Agar bolalar, er-xotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo`lish, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotinga ta`minot berish uchun mablag` to`lash haqida nizo mavjud bo`lsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi. Buning uchun er-xotin youi ulardan biri nikohdan ajratish to`g`risidagi ariza bilan sudga murojaat etishi lozim.

MULKIY NIZO BO`LSA...

— O`rtada mulkiy nizo bo`lsa, ya`ni nikohi davomida uy, mashina va boshqa mulk xarid qilgan bo`lsa, u qanday taqsimlanadi? Farzandi bo`lmasa ham ayol uy yoki boshqa mulkdan o`z ulushini talab qilishga haqlimi?

— Oila kodeksining 23-moddasida er va xotinning umumiy mulkiga oid qonun talablari qayd qilingan. Unga ko`ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo`lajak er-xotinning umumiy mablag`lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko`rsatilmagan bo`lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. 

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulki) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo`ljallanmagan boshqa pul to`lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo`lish yoki salomatligiga boshqacha zarar etkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo`qotganlik munosabati bilan etkazilgan zararni qoplash tarzida to`langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko`char va ko`chmas ashyolar, qimmatli qog`ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag`lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo`lishidan qat`i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi. 

Er va xotindan biri uy-ro`zg`or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo`lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko`ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo`lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo`ladi. 

Farzand bo`lmagan ayol agar yuqorida qayd qilingan qonun talabi asosida nikoh davrida orttirilgan muayyan bir mulkdan o`z ulushini talab qilib sudga murojaat etishi mumkin. 

YaRAShISh UChUN QANChA MUHLAT BERILADI?

— Nikohdan ajratish to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqayotganda, sud ishning ko`rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Sud er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, ishning ko`rilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig`inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo`lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig`inining yarashtirish komissiyasini hamda tuman hokimiyati qoshidagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo`limini er-xotinni yarashtirish bo`yicha tegishli choralar ko`rish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak.

Oliy sud Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi «Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo`yicha qonunchilikni qo`llash amaliyoti to`g`risida»gi 6-sonli Qarorining 16-bandiga asosan, OK 1-moddasi 2-qismi talabiga muvofiq nikohdan ajratish to`g`risidagi ishni ko`rishda sud oilani saqlab qolish yuzasidan choralar ko`rishi lozim. Shu maqsadda, sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligini tasdiqlovchi holatlar (bolalar borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi munosabatlarning xususiyatlari va boshqa holatlar) aniqlansa, sud har ikkala tarafning yoki ulardan birining iltimosiga binoan yoxud o`z tashabbusi bilan nikohdan ajratish to`g`risidagi ish ko`rilishini keyinga qoldirishga va er-hotinga yarashish uchun muhlat tayinlashga haqli.

MUHLATNI QISQARTIRISh MUMKINMI?

— Oliy sud Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo`yicha qonunchilikni qo`llash amaliyoti to`g`risida”gi 6-sonli qarorining 15-bandida tushuntirilishicha, sud er va xotinning yoki ulardan birining arizasiga ko`ra, yarashish uchun berilgan muhlatni jiddiy asoslar (er yoki hotinning boshqa turmushdan homiladorligi, ulardan birining og`ir kasallikka duchor bo`lganligi, narkotik moddallari iste`mol qilganligi yoki mutassil ravishda alkogol mahsulotini iste`mol qilganligi uchun tegishli tibbiyot muassasasida doimiy ro`yxatda turgan bo`lsa, uzoq muddat davomida yashamasdan kelayotganligi va hokazo) mavjud bo`lgan hollarda qisqartirishga va ishni bu muhlat tugagunga qadar ko`rishga haqli. 

Yarashish uchun berilgan muhlatni qisqartirish to`g`risidagi masala sud majlisida taraflarni xabardor qilgan holda va ajrim chiqarish yo`li bilan hal etiladi.

DAVLAT BOJI, AJRAShISh XARAJATLARI QANChA VA UNI KIM TO`LAYDI?

— Nikohdan ajratish haqidagi da`vo arizalari sudga taqdim etilganda O`zbekiston Respublikasi “Davlat boji to`g`risida”gi qonuni talabidan kelib chiqib, da`vogar tomonidan respublikada amalda bo`lgan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (490.000 so`m) miqdorida davlat boji va 17.150 so`m pochta harajati to`lanadi.

Ish yakuni bo`yicha, sud da`voni qanoatlantirish haqidagi to`xtamga kelgan taqdirda, taraflar (da`vogar va javobgar)dan yoki ularning biridan davlat daromadiga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (735.000 so`m) miqdorida davlat boji undiradi.

Agar, da`vogar ikkinchi nikoh bo`yicha ajrashishga ariza taqdim etsa, unda qayd qilingan qonun talabidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari (980.000 so`m) miqdorida davlat boji to`laydi. 

TARAFLARDAN BIRI AJRIMGA QARShILIK QILSA...

— Tomonlardan biri, ya`ni er yoki xotin ataylab, sud majlisiga kelmay, ajrimga qarshilik qilsa qanday yo`l tutiladi?

— Nikohdan ajratishga doir ishlar bo`yicha qonuniy va asosli hal qiluv qarori qabul qilinishi uchun sud ishning haqiqiy holatlarini har taraflama, to`liq va xolisona tekshirib chiqishi, jumladan, er-xotin o`rtasidagi o`zaro munosabatlar xususiyatini, nikohdan ajratish masalasi qo`yilishiga asos bo`lgan sabablar, er-xotin o`rtasidagi kelishmovchilikning asl sabablarini aniqlashi shart. Shu maqsadlarda, sud ishni ikkala taraf ishtirokida ko`rishi lozim. 

Da`vogar va javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, kelmaslik sabablari uzrli yoki uzrsizligidan qat`iy nazar, sud ishni ko`rishni keyinga qoldiradi. 

Da`vogar va javobgar sud majlisiga ikkinchi chaqiruv bo`yicha uzrsiz sabablarga ko`ra kelmagan taqdirda, sud arizani ko`rmasdan qoldirishga haqli. 

Faqat da`vogar ikkinchi chaqiruv bo`yicha uzrsiz sabablarga ko`ra kelmagan taqdirda, sud javobgarning roziligi bilan arizani ko`rmasdan qoldirishga haqli.

Er-xotindan biri doimiy yashash uchun O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ko`chib ketgan va uning sud majlisiga kelish imkoniyati bo`lmagan hollarda, sud O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normalariga muvofiq taraflarni xabardor qilish choralarini ko`radi.

Mirkamol O`roqov

Шарҳлар