Долзарб мавзулар Foto

XAYR, 2017! SALOM, YaNGI YIL!

Бўлимлар: SUG'DIYONA
Теглар:
Добавлено: 29.12.2017, 11:50

Mana, yana bir yil o`z yakuniga etayapti. Bir tomonda bayramga tayyorgarlikni boshlab yuborgansiz, sovg`a, pishir-kuydir, uyni tartibga solish... Bir tomonda esa o`tgan yilga nazar solasiz, sarhisob qilasiz: nimalarga erishdim, qaysi orzularim orzuligicha qoldi? Bayramona kayfiyatga yugur-yugurlar va o`tgan yilning hisobi o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Shu sabab bugun e`tiboringizga ruhshunos Shahnoza Xalilovaning maxsus tavsiyalarini havola qilmoqdamiz. Toki o`tgan yilni minnatdorchilik bilan kuzatib, Yangi yilni yaxshi kayfiyatda kutib olaylik.

«Yangi yilda hammasi o`zgaradi

Jumla juda tanish tuyuldimi? Siz ham shu kunlarda bu so`zni tez-tez takrorlayapsiz chog`i. Xijolat tortmang, bu odamzotga xos odat. Biz, negadir, hamma yaxshiliklarni, baxtli damlarni ertadan kutamiz! Mehnatning tagi rohat deya bugun jon koyitib ter to`kamiz, sabr qilamiz. Ammo bugunni qo`ldan boy berayotganimiz haqida o`ylamaymiz. Go`yo hozircha hayotimizning qoralama sahifasini yozayapmiz, obdon yashashning mashqini olgach, uni oqqa ko`chiramiz. Ammo bu ketishda kun kelib, hayotimizga nazar solganimizda faqat g`ijimlab chetga uloqtirilgan qoralamalarni ko`rishimiz tayin...

Bugun yashashni o`rganing! Siz baxtni his qilishingiz, hayotingizga yangilik kiritishingiz, hammasini o`zgartirishingiz, rohatlanishingiz uchun Yangi yilni kutish shartmas. Nafaqat ertaga qolgan ishga qor yog`adi, orzularni ham qor bosadi. Qarabsizki, keyingi 2018 yil arafasida yana bir quchoq puch yong`oq bilan o`tiribsiz.

Albatta, ertadan umid qilib yashash yaxshi! Orzuga berilmang demaymiz, bugungi kuningiz uchun ham shukr qiling, buguningizdan ham zavq oling. Іech qachon ma`lum bir kun bilan chegaralanmang.

«Yana bir yil o`tdi...»

«Yangi yil bayrami yaxshi-yu, ammo yana bir yilning o`tib ketganini tuyish, 7 raqamining 8 ga aylanganini tan olish, biroz og`riqli-da». Afsuski, shunday o`ylab dili xufton bo`ladiganlar ham topiladi. Yangi yilning kelishi yaxshimi yo yomon? Buni belgilash o`zimizning unga bo`lgan munosabatimizga bog`liq.

A. «Yangi yil bu hayotning menga yana bir tuhfasi, imkoni, umrimning yana bir yili!»

B. «Bir yil umrim o`tib ketdi... Yana bir yoshga qaridim…»

Tanlash imkoni o`zingizda. «A» variatni tanlasangiz, ishonavering, yangi kelayotgan yil omadli bo`ladi va kutganlaringizga erishasiz. Agar ikkinchi kayfiyatga asir bo`lsangiz, nima ham derdik, bizdan o`pkalamang.

Kechiring...

O`tgan yildan ko`nglingiz to`lmadimi? Endi o`zingizni koyigandan naf yo`q. Yaxshisi, mana bu mashqni bajaring.

Ko`zguga qaraymiz. Ko`zlarimizga tik boqib, tabassum qilguncha, xuddi sevimli bolajonimizni ovutgandek gapiramiz. Chunki har birimizning ichimizda bir bolakay yashaydi.

«Men sendan minnatdorman! Bu yil qancha harakatlar qilding, ko`zlaganlaringizning hammasiga bo`lmasa-da, ayrimlariga erishding! Men seni qaysidir ishlarni qilganing uchun emas, borliging uchun yaxshi ko`raman!»

Tinchlik uchun…

Bayram kuni ba`zida dilni xira qiladigan noxushliklar ham bo`lib turadi. Bolalar injiqligi, qaynonaning shuncha xarajat shartmidi, degan qovog`i, ulfatlaridan ortmaydigan er… Aslida, barini sizning kayfiyatingiz boshqaradi. Ular e`tibor talab qilib ham tomosha ko`rsatishadi-da. Shuning uchun barcha kuch-e`tiborni tayyorgarlik jarayoniga sarflamasdan, yaqinlaringizga tabassum-la qarashga o`zingizda kuch toping. Buning uchun hammani jarayonga jalb eting va tayyorgarlikni to`g`ri tashkillashtiring. Keyin unutmang, bayram bir kunmas, bir necha kun davom etadi. Shunday ekan, bir dasturxonga olti xil taom, o`n xil salatni bir kunda tortish shartmas!

Italyancha odatga nima deysiz?

Italyanlar Yangi yil bayramini qanday kutishini bilasiz-a? Ular hamma eski-tuskilarni ko`chaga uloqtirishadi. Mana shu erda psixologiyaning ajoyib siri yashirin. Eski tashvishlar, g`amlar, o`kinchlarni yuk qilib yangi yilga olib o`tishni istashmaydi-da ular! Biz — o`zbeklar har bayram oldi uyni boshdan-oyoq tartibga solamiz. Sarishtaligimizga gap yo`q. Lekin ayollarga xos bir odat ham bor-da, allaqachon xizmat vazifasini o`tab bo`lgan, endi hech narsaga yaramaydigan yoki tuzatib bo`lmaydigan buyumlaru mayda-chuydalarni ham asrab qo`yishadi. «Uyning bir chetida turibdi-da, kimga og`irligi tushayapti», deyishadi. Yo`q, ulardan ham voz keching! Shunda o`rnini yangisi bilan to`ldira olasiz. Go`yoki ular bilan birga sizni tashvishga solayotgan o`y-xayollar, munosabatlar, muammolar ham ko`nglingizni tark etadi.

Yangi 2018yil omadli va baxtli lahzalarga boy kelsin! Barcha orzularingiz ushalishishiga ishonamiz!

Shoira VAFOEVA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA