41

​«Kelinimning baxtini ko`rolmas ekanman…»

SUG'DIYONA 17.12.2018, 11:53
3632
​«Kelinimning baxtini ko`rolmas ekanman…»

Tahririyatimizga bo`lgan murojaatlarni ajratar ekanmiz, quyidagi noma e`tiborimizni tortdi. Bizning vazifamiz aybdorni izlash emas, boshi berk ko`chaga kirib qolgan qahramonimizga yordam berish ekanligi sabab muammoni atroflicha tahlil qilishga kirishdik. Vaziyatga adolatli nazar tashlash uchun esa bir-ikki kishining fikri kamlik qilishi tayin. Xolisona xulosalarimiz va maslahatlarimiz katta hayotiy tajribaga ega bo`lgan ko`pchilik insonlarning nuqtayi nazaridan kelib chiqib tavsiya etilmoqda. O`ylaymizki, bu tavsiyalar qahramonimizga oilaviy hamjihatlikni ta`minlashga va murosaga kelishga yordam beradi.

— Odatda kelinlik ostonasida turgan qizlarga «Oilam tinch bo`lsin desang, uydagi gapni ko`chaga olib chiqma», deb nasihat qilishadi. Lekin bugun oilamizdagi gapni kelinim emas, men «ko`cha»ga olib chiqayotgandekman. Arzimas bo`lib ko`ringan muammolar borgan sari chigallashib meni boshi berk ko`chaga olib kirib qo`ydiki, ularga na oila davrasida, na yaqin do`stlarim maslahati bilan echim topishimga ko`zim etmay qoldi. Shu sababli, sizlarning yordamingizga umid bog`lab maktub yo`llashga qaror qildim. Yoshim 32da. Ukam va kelinim bilan birga yashaymiz. Shu kichkina oilada qanday echimsiz muammo bor ekan, deb hayron bo`layotgandirsiz. Keling, hammasini boshidan so`zlab beray. Ukam ikkimiz avtohalokat sabab bir kunda ota-onamizdan ayrilib qoldik. O`shanda ukam 14, men esa 18 yoshda edim. Boshida qavm-qarindoshlar xabar olib, yordam berib turishdi. Maktabni tugatib ishga joylashgach hayotimiz sekin-asta o`z iziga tusha boshladi. Ota-onam o`qimishli inson bo`lishgani uchun kelajakda bizni ham oliy dargohlarda o`qitishni orzu qilishardi. Afsuski, men o`qishimni davom ettirolmadim. Ukam ota-onamiz orzu qilgan inson bo`lishiga ishonardim. Buning uchun hamma narsaga tayyor edim. Іatto, ukam oyoqqa turib olishi uchun turmush qurishni ham ortga surdim. Bugunga qadar ukam uchun nimaiki qilgan bo`lsam, zarracha afsuslanganim yo`q, aksincha uning erishgan yutuqlaridan faxrlanaman. Bir yil bo`lib qoldi ukamni uyli-joyli qilganimizga. Boshida hammasi yaxshi edi. Kelin bo`lmish qiz kelishgan, chiroyli, tarbiyali bo`lgani uchun ukam ikkimizga birdek ma`qul bo`lgandi. Ayniqsa, men juda xursand edim, ukamni ishonchli qo`lga topshirayotganimdan. Ammo oxirgi paytlarda egachi-kelinning murosamiz kelishmay borayapti. Ro`zg`or tutumida bilmaganlarini o`rgatsam, noto`g`ri qilgan ishini unday emas, bunday bo`ladi deb tanbeh bersam, men bilan gaplashmay qo`yadigan odat chiqardi. Boshida homiladorlikning injiqliklari deb e`tibor bermadim. Bir kuni telefonda kim bilandir ovozini baland qo`yib gaplashayotganini eshitib qoldim: «Farzandimni dunyoga keltirib olay bu uyda kim xo`jayin ekanini ko`rsatib qo`yaman hali. Hozircha hech kimmasman, lekin oz qoldi, ukasi o`zi haydab soladi bu qari to`nkani uydan. Meni sovunimga kir yuvmapti...» Eshitib fig`onim falakka ko`tarildi. Arang o`zimni bosdim, ukamga churq etmadim. O`rtasidagi munosabatni sovutib, oilasini buzgim kelmadi. Ikki o`rtada javrini jigarim tortadi baribir. Bo`ldi boshqa aralashmayman kelinimning ishlariga, bilganini qilsin, degan qarorga keldim. Ammo bir kun ishdan kelsam, kelin uyda yo`q. Narsalarini olib oyisinikiga ketib qolibdi. Hammasi joniga tegib ketganmish. Hamma narsaga aralashaveradigan, erining pullarini qurtday sanab oladigan, hatto, kiyimining yarashib-yarashmaganigacha so`raydigan qilib ukasining «burnidan ip o`tkazib olgan», kelinga xizmatkordek munosabatda bo`ladigan zulmkor qaynegachi bilan bir uyda yashashdan to`yibdi. Ukam «Kelinni uyga olib kelish kerak», degan gapimni eshitishni ham istamadi. «Qanday ketgan bo`lsa, shunday qaytib keladi», dedi. Kelin uch kunda ham qaytmadi. Qudalarning ham fikri tayin bo`lmasa qaytarib olib kelishardi. Ko`p chidab turolmadim, meni deb bir oila buzilib ketishiga tomoshabin bo`lolmasdim. Ming qilsayam, o`rtada farzand bor. O`zim yalinib-yolvorib olib keldim. Endi kelinimning tili ancha «uzaygan». Oxirgi paytlarda menga bemalol haqorat toshlarini otayapti. Uyiga ketib qolgandan keyin ukam bilan oralari oldingiday ilimadi. Eri bilan munosabatlarining yomonlashuviga ham sababchi men ekanman. Baxtsiz bo`lganim uchun boshqalarning baxtini ko`rolmasmishman. Shunaqa ichiqora, baxil bo`lganimdan «qariqiz» bo`lib o`tirganmishman. Kelinimning gaplari yuragimni xanjardek tilsa ham, bularni ukamga aytolmayman. O`zi shundoq ham xotinidan ko`ngli qolgan. Kelinim esa bor aybni mendan qidiradi. Men uning ashaddiy dushmaniga aylanib qolganman. Ukam bilan o`rtamizdagi tug`ishganlik rishtalari nima uchun kelinimning bu qadar nafratiga sabab bo`layotganiga tushunmay qoldim. Kelinim bilan qanday murosa qilishni bilmayapman. Biror yo`li bormi, maslahat bering.

Qars ikki qo`ldan chiqadi

Ko`pincha muammolarimizga kimdir yoki nimadir sabab bo`layotgandek tuyuladi. Aslida unday emas. Muammolarimiz sababchisi munosabatlarimiz. Kimgadir nisbatan bizda hosil bo`lgan salbiy munosabat u inson bilan o`rtamizda kelib chiqadigan muammoga sabab bo`ladi. O`zaro kelishmovchiligingiz sababi keliningiz emas, unga bo`lgan munosabatingizdadir. Shunday ekan, munosabatingizni o`zgartiring. Keliningizga nisbatan o`ta talabchanlik qilayotgandirsiz balki. Sizdan hadeb tanbeh, dakki eshitish uning yuragidagi muhabbatni nafratga aylantirib qo`ygan bo`lishi ham mumkin. Balki oiladagi hamma narsani nazoratda tutib turishga odatlanib qolganingiz sababdir munosabatlaringiz torining taranglashuviga. Uning tomonida turib o`zingizning harakatlaringizga baho berib ko`ring. Imkon bering, uy yumushlarinisizning ko`nglingiz to`ladigan darajada bo`lmasa ham, o`zi istagandek bajarishiga. Bu uning ham ro`zg`ori axir. Keliningizdan mehr kutsangiz, hadeb tanbeh beravermang, nafrat oloviga suv sepishni xohlasangiz, shirin so`z ayting, sizni hurmat qilishini istasangiz, izzat qiling. Tom ma`noda keliningizni oilangizga qabul qiling. Shunchaki kelin deb emas, oilangiz davomchilarini dunyoga keltiradigan inson — ona sifatida. Sizda buning uchun xohish bor, harakat qilsangiz bo`lgani.

Mehrning ham me`yori bo`lgani yaxshi

Faylasuf olimlar me`yoridan oshgan go`zallikni xunuklik, deb hisoblashadi. Agar mehr me`yoridan oshib ketsa-chi? Bizningcha, muammoga aylansa kerak. Yuqoridagi vaziyatdan kelib chiqsak, to`g`ri xulosa, nazarimizda. Sizning ukangizga bo`lgan mehringiz ham me`yor chegarasidan oshib ketgandek go`yo. Bu esa keliningiz bilan o`rtangizdagi munosabatlarning sovuqlashishiga olib kelgan. To`xtang, to`xtang! Noto`g`ri xulosa qilishga shoshilmang. Keliningiz bilan iliq munosabat o`rnatish uchun, ukangiz bilan sovuq munosabat qiling, deb maslahat bermoqchi emasmiz. Shunchaki ukangizning sizga bo`lgan jigarlik muhabbatidan bir chimdimini keliningizga ham ilining. Bu bilan ukangizning sizga bo`lgan mehri aslo kamayib qolmaydi. Aksincha, keliningizning yuragini egallab olgan nafrat tuyg`usini mehrga aylantirib, yana shuncha mehrga ega bo`lib olasiz. Shuncha mukofot olish uchun bir bag`rikenglik qilsangiz qilibsiz-da! Bu bag`rikenglikni qanday qilsam ekan, deb ko`pam boshingizni qotirmang. Buning uchun birinchi navbatda, ukangiz qanday kiyim kiyishiyu yarashgan-yarashmaganini sizdan emas, xotinidan so`rashga odatlanishiga yordam bering. Bu bilan keliningizning dushmaniga qaragandek o`qraygan qarashiga emas, mehrli nigohlari siz tomon boqib turganiga guvoh bo`lasiz. Ikkinchidan, ukangizga g`amxo`rlik qilishni sal kamaytiring. U endi sizning qayg`urishingizga muhtoj 14 yoshli o`spirin bola emas. Balki g`amxo`rlik qilishga qodir oila boshlig`i. Qolaversa, endi ukangiz uchun qayg`uradigan keliningiz bor. Axir bir eslab ko`ring-a, keliningiz uyingiz ostonasiga qadam qo`ygan kun ukangizni ishonchli qo`llarga topshirayotganingizdan mamnun bo`lgan siz emasmidingiz. Uchinchidan, ukangizga bo`lgan mehringiz oilangiz hamjihatligiga putur etkazadigan emas, uni mustahkamlaydigan vositaga aylansin.

O`zingiz uchun ham yashang

O`zining emas, o`zgalar dardi bilan yashash, o`zgalar baxt-saodati uchun o`z huzur-xalovatidan kechish uchun insonga juda katta jasorat kerak. Hatto, u insonlar o`z tug`ishganlaring bo`lsa ham. Sizning ukangiz uchun qilgan fidoyiligingiz tahsinga loyiq. Sizdek mehribon opa bo`lmaganda, ehtimol ukangiz bugungi yutuqlarining yarmiga ham ega bo`lolmasdi. Ukangiz sizdan umr bo`yi minnatdor yashashi aniq. Lekin boshqa tomondan erishgan yutuqlariga sizning boy berilgan baxtingiz evaziga ega bo`lgani uchun o`zini qarzdor, aybdor deb azoblaydi ham. Ukangizning chin ma`noda baxtli bo`lishini istasangiz, bu azobdan uni ham, o`zingizni ham qutqaring. 32 yosh — bu hali umrning so`nggi degani emas. Siz hammasini to`xtagan joyidan davom ettirishga qodirsiz. Shunchaki ko`zlaringizni yuming va 18 yoshingizga qayting. Qarang, qanday go`zal va latofatlisiz. Sevib-sevilishga intiq yuraklaringiz. Unga erkinlik bering, baxtsiz fojia etkazgan jarohatlariga malham qo`ying. Unga ukangizning mehri emas, o`zga bir insonning muhabbati zarur. Hayot esa oilaviy muammolaru egachi-kelinning mojarolaridan iborat tashvish emas. Yoki bo`lmasa, uydan ishga, ishdan uyga qatnaydigan manzil emas. Orzularga to`la hayotingizga, o`z hayotingizga qayting. O`zgalar uchun shuncha yashaganingiz etar, O`ZINGIZ UChUN HAM YaShANG! Shunchaki baxtli bo`lib...

Sohiba

Комментарии