Му5
46

​Kuyishdan keyingi dog` va chandiqlardan xalos bo`lish yo`llari

SUG'DIYONA 14.02.2019, 10:03
8020
​Kuyishdan keyingi dog` va chandiqlardan xalos bo`lish yo`llari

Avvallari yuz va qo`l terisidagi chandiq izlari bir umrlik nuqson hisoblagan. Hozirda esa rivojlangan tibbiyot bunday kamchiliklarni barataraf etish imkonini bermoqda. Chandiqlardan xalos bo`lish yo`llari, muolaja va davolash jarayoni haqida tibbiyot fanlari nomzodi, dermatolog, kosmetolog Iroda NURMATOVA batafsil ma`lumot beradi.

Eski va yangi jarohatlar

Kuyishdan keyin qolgan dog` va chandiqlar yuqori harorat yoki kimyoviy moddalar ta`sirida zararlangan to`qimaning patologik tiklanishi natijasida yuzaga keladi. Shunisi aniqki, termik kuyishlar natijasida hosil bo`lgan chandiqlar boshqa jarohatlar asoratida paydo bo`lganlaridan ko`ra yaqqolroq ko`rinadi. Chunki yuqori harorat natijasida terida o`ziga xos o`zgarishlar yuzaga keladi. Ta`sir qiluvchi moddaning kuchi va vaqtiga ko`ra, terida oddiy dog`dan to keloid chandiqqacha hosil bo`lishi mumkin. Hozirgi zamonaviy usullar yordamida nafaqat yangi hosil bo`lgan chandiqlar, balki ko`p yilliklarini ham korreksiya qilish mumkin.

Qanday muolaja qilinadi?

Chandiqlarni davolashda ustki qo`llaniladigan vositalar, ya`ni gel, krem va malhamlar, silikonli bog`lama va plastinalar qo`llaniladi. Shuningdek, ine`ksiya usullari ham bor, bular:

  • Mezoterapiya — teri ichiga in`eksiya yo`li bilan faol moddalar(kollagen, gialuron kislotasi) yuboriladi. Bu usul artofik chandiqlarda tavsiya etiladi. Uning natijasida teri rel`efi tekislanib, qayishqoqligi va tarangligi oshadi.
  • Plazmolifting — bunda bemorning 40-60 ml. qoni olinib, undagi trombositlarga to`yintirilgan plazma ajratib olinadi va teri ichiga in`eksiya yo`li orqali kiritiladi. Natijada teri rangi tiklanib, tonusi oshadi, taranglashadi va hattoki, soch tolalari ham mustahkamlanadi.

Shuningdek, fermentativ preparatlar ham mavjud bo`lib, ular terining gipertrofik chandiqli deformasiyalanishida yaxshi yordam beradi.

Piling usullari

— Kimyoviy chuqur pilinglar – meva kislotalari (glikol, retin, fenol) yordamida amalga oshiriladi. Bu kuchsiz kislotalar chandiq yuzasidagi to`qimani quritib, tushiradi. Natijada teri yuzasi tekislanib, tarangligi hamda qayishqoqligi qayta tiklanadi.

— Mexanik piling — lazerli silliqlashga o`xshash usul. Ammo bunda chandiq to`qimasi alyumin kislotasi kukuni yordamida mexanik yo`l bilan olib tashlanadi.

Lazerli silliqlash

• Ablyatsion lazerli silliqlash muolajasida lazer nurlari yordamida chandiq bo`lgan teri qavatma-qavat olib tashlanadi. Keyin esa olib tashlangan dag`al to`qima o`rniga nozik teri hosil bo`ladi. Muolaja mahalliy og`riqsizlantirish orqali amalga oshiriladi. Muolajadan keyin shu soha biroz shishishi va qizarib qolishi mumkin. Bunda chandiqning turiga ko`ra bir nechta muolaja o`tkazilishi talab qilinadi.

• Fraksion fototermoliz. Bu ham gipertrofik, ham atrofik chandiqlarni davolashda samarali usul sanaladi. Bunda terining yuqori qavati lazer yoki elektr toki yordamida kuydiriladi va terining qayta tiklanishiga imkon beriladi. U suyuqligi bor to`qimalarga ta`sir qiladi. Teri 24 soatdan keyin tiklanishni boshlaydi.

• Noablyasion lazerli silliqlash — pushti rangli va atrofik chandiqlarni korreksiyalashda qo`llaniladi. Bu usul chandiq ichidagi qon tomirlarni davolaydi.

Foydali 4 niqob

Ba`zida kuygan terida pufaklar hosil bo`lmaydi-yu, lekin qizarib qoladi. Bir qancha vaqt o`tgach, u qorayadi va dog` bo`lib qolishi hech gap emas. Bu kabi dog`larning oldini olish uchun uy sharoitida tayyorlangan niqoblardan foydalanish mumkin.

  • Asal va dolchinli niqob: 30 ml asalni qizdirib, 1 choy qoshiq dolchin kukuni qo`shiladi va yaxshilab aralashtiriladi. Hosil bo`lgan aralashma jarohatga surtiladi. 20 daqiqadan keyin u iliq suv bilan yuvib tashlanadi. Muolajani 1 oy davomida haftada 3 marta takrorlash mumkin.
  • Bodring va pomidorli niqob: sabzavotlar po`sti tozalanib, blendrda bo`tqasimon massa hosil qilinadi. Shu massa ertalab va kechqurun yuzga surtiladi. Bu niqob kimyoviy pilingning o`rnini bosishi mumkin. Negaki mahsulotlar tarkibidagi kislota dog`lar rangini ochartirib, teri tekislanishiga yordam beradi.
  • Iste`mol sodasi: 20 g sodaga 1 choy qoshiq suv solib, aralashtiriladi (bo`tqasimon aralashma hosil bo`lishi kerak). Aralashma jarohatlangan joyga surtilib, 1 daqiqa davomida uqalanadi. Bu niqob zararlangan teri qavatini ko`chirib tushiradi.
  • Limonli niqob: limonning chorak qismi blendrda maydalanib, biroz suli yormasi qo`shiladi. Hosil bo`lgan aralashma zararlangan joyda 25 daqiqaga qo`yiladi va keyin sovuq suv bilan yuvib tashlanadi.

Shahlo ShERMUHAMMEDOVA.

Шарҳлар