“EFFECT UZ” sayti xodimi G`iyosbek Eshov Farg`ona viloyatining Quva tumanida jiddiy hujumga uchragani haqida xabar qilingan edik. Shundan so`ng, Bosh prokuratura mazkur ish nazoratga olinganini ma`lum qildi.
Voqea yuzasidan Quva tumani hokimligi ham rasmiy munosabat bilan chiqib, sodir etilgan holat yuzasidan tuman hokimligining xech qanday aloqasi yo`qligini ma`lum qilgan.
Kecha, mazkur holat yuzasidan JKning 166-moddasi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, 4 kishi gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan. Ayni paytda Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari voqea bilan bog`liq ayrim tafsilotlarni Darakchiga ma`lum qildi.
"2020 yil 13 may kuni soat 18:30larda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi “Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi”ga qarashli “EFFECT.UZ” axborot agentligi operatori Eshev Giesiddin Mamatganievich xizmat yuzasidan o`z boshqaruvidagi “Matiz” rusumli, 40 G 504 AA davlat belgili avtomashinasida Quva tumanidan Farg`ona shahriga ketayotib, Andijon-Farg`ona va Qo`shkechik-Begat yo`llari kesishgan chorraxaga etib kelib, svetoforning qizil chirog`ida to`xtagan vaqtida, avtomashinasi yon tomoniga fuqaro Ismoilov Umidjon Ibroximovich boshqaruvidagi “Matiz” rusumli, 40 N 488 MA davlat belgili avtomashinada keyinchalik shaxsi aniqlangan tanishlari Azaliev Otabek Ravshanovich, Xusanov Muxammadali Abobakirovich va Raimjonov Saloxiddin Sodiqjon o`g`lilari bilan kelib to`xtab, G`.Eshevning ko`ziga noma`lum moslama bilan ko`zni yoshlantiruvchi suyuqlik sepib, G`.Eshevga tegishli,narxi 20 000 000 mln so`m bo`lgan “Canon 6D” rusumli videokamerasini qo`lga kiritgan.
Shundan so`ng G`.Eshev videokamerasini qaytarib olish maqsadida avtomashinasida ularni ortidan quvib, Quva-Marg`ilon va Qo`shkechik-Begat chorraxasida joylashgan svetafordan Quva tumaniga qarab burilgan vaqtida ularga etib olib, ularni avtomashinasining orqa qismiga urishi natijasida, avtomashina yo`l chetida joylashgan E.Ro`zievga tegishli 155-uyga borib urilib to`xtaganligi sababli, U.Ismoilov, O.Azaliev, M.Xusanov va S.Raimjonovlar videokamerani o`zlari bilan olgan holda avtomashinadan tushib, hodisa joyidan yashiringan, yashirinish jarayonida O.Azaliev G`.Eshev boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinani orqa oynasini tosh bilan urib sindirib, mulkiy zarar etkazgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida G`.Eshevga tegishli bo`lgan “Canon 6D” rusumli videokamera O.Azalievdan daliliy ashyo tariqasida olingan, daliliy ashyo ko`zdan kechirilganida unga hech qanday shikast etkazilmaganligi hamda xotira kartasi yo`qotilmay saqlanib turganligi aniqlangan.
Mazkur holat bo`yicha U.Ismoilov, O.Azaliev, M.Xusanov va S.Raimjonovlarningharakatlarida talonchilik, ya`ni bir guruh shaxslar tomonidan oldidan til biriktirib, o`zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish jinoyat alomatlari mavjudligi sababli ularga nisbatan 14.05.2020 yilda tuman IIB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning166-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, O.Azaliev, M.Xusanov va S.Raimjonovlar JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan" deyiladi axborotda.
Gumon qilinuvilar haqida ma`lumot:
I. U. 10.05.1982 yilda Quva tumanida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti o`rta, oilali, mavsumiy ishchi, muqaddam sudlangan, Quva tumani Quva MFYda yashaydi.
A. O. 28.04.1987 yilda Quva tumanida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti o`rta-maxsus, oilali, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Quva MFYda yashaydi.
X. M. 08.04.1996 yilda Asaka tumanida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti o`rta-maxsus, bo`ydoq, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Asakatumani, Niyozbotir MFYda yashaydi.
R. S. 25.08.1999 yilda Asaka tumanida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti o`rta-maxsus, bo`ydoq, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Asaka tumani, Niyozbotir MFYda yashaydi.
Jabrlanuvchi haqida ma`lumot:
Giesiddin Eshev 05.09.1989 yilda Farg`ona shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti o`rta-maxsus, oilali, muqaddam sudlanmagan, “EFFECT.UZ” axborot agentligi operatori, Farg`ona shaharida yashaydi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, uning borishi va natijalari haqida qo`shimcha axborot beriladi.