1

Antaliya dunyo sayyohlarining sevimli maskani. Chunki... (fotosayohat)

Dunyo 31.01.2021, 02:50
Teglar: Foto, Turkiya, Antaliya, fotosayohat, Aspendos
Antaliya dunyo sayyohlarining sevimli maskani. Chunki... (fotosayohat)

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o`zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi doirasida navbatdagi sayohat uyushtirildi. Bizning navbatdagi manzilimiz dunyo sayyohlarining sevimli maskani — Antaliya bo`ldi. 

Nega endi sayyohlarning sevimli maskani?

Ushbu savolning javobini bu нerga tashrif buyurgan har bir inson topadi, shubhasiz. Avvalo, siz Antaliyaning o`zgacha ekanini samolyot aeroportga qo`na boshlagan ilk daqiqalardayoq his qilasiz. Samolyot oynasidan cheksiz ummonning bir uchi osmon bilan tutashgan nuqtaning guvohi bo`lasiz. Ayni paytda dunyoning qator mamlakatlarida hukmronlik qilayotgan sovuq va qish mavsumida, bexosdan bahor va yashillik sizni qamrab oladi: tiniq osmon, iliq havo, nafis shaboda va, albatta mavjlanib turgan O`rta yer dengizi. Antaliya har bir tashrif buyuruvchi odamni ana shunday jozibador ko`rinishda kutib oladi. 

Ayni qish mavsumida Antaliyada harorat 10-18 daraja orasida bo`lib turibdi, ma`lum qilinishicha, bu mavsumga xos ob-havo ekan. Sovuq harorat va qor juda kam yoki qisqa muddatli bo`lishi mumkin. Antaliyaning subtropik O`rta er dengizi iqlimi bor, shuning uchun qishi yumshoq, juda yomg`irli, yozi esa uzoq davom etuvchi, issiq  va quruq. Yozda yog`ingarchilik kamdan-kam uchraydi, ba`zida yoz umuman yog`insiz o`tishi mumkin ekan. Bahor kelishi bilan harorat ko`tarilib borishi natijasida bu maskanga butun dunyodan turistlar oqib kela boshlaydi. Ya`ni may oyida Antaliyada turizm mavsumi boshlanadi. O`rta yer dengizlarida esa suzish mavsumi ochiq deb e`lon qilinadi. Xo`sh, dunyoni o`ziga chorlab kelayotgan Antaliya aslida qanday shahar va uning tarixi qanaqa?

Antaliya qanday tarixga ega?

Antaliya Turkiyaning janubidagi O`rta yer dengizi sohilidagi kurort va port shahar. Shaharning doimiy aholisi 1 milliondan sal ko`proqni tashkil qiladi, yozda esa faol sayyohlar oqimi tufayli shaharda yashayotganlar soni 2 milliondan oshishi mumkin. Shu o`rinda aytib o`tish kerakki, ayni paytda Antaliyada qat`iy karantin qoidalariga amal qilinayotganiga guvoh bo`ldik. Turizm nuqtalari, markaziy ko`chalar hamda yirik savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarida ijtimoiy masofa saqlagan holda sifatli faoliyat yo`lga qo`yilgan. Shuningdek, turizm mavsumi hali ochilmagani bois Antaliyaning sayyohlar bilan to`lib-toshadigan markaziy ko`chalarida sokinlik hukmron. 

Antaliya hududi shartli ravishda eski va yangi shaharlarga bo`linadi. Rasmiy ma`muriy bo`linish 5 ta tumanga: Aksu, Dushemealti, Kepez, Konyaalti, Muratpashaga bo`lingan.

Ma`lum qilinishicha, hozirgi Antaliyada odamlar tosh va bronza davridan boshlab yashab kelishgan. Tarixda  hudud Likiya va Pamfiliya tarkibiga kirgan. Miloddan avvalgi 159 yilda Pergamon qiroli Attalus II buyrug`i bilan Attaliya shahriga asos solinadi. Hozir Attalus II ning haykali shahar markaziga o`rnatilgan. 

Shundan so`ng, Attaliya uzoq vaqt davomida Rimga, keyin Vizantiyaga tegishli bo`lgan. Saljuqiylar ekspansiyasining boshlanishi bilan mintaqada Islom dini yoyila boshlaydi. 1207 yilda Saljuqiylar mintaqani bosib olgach, Attaliyaning nomini yunoncha Adaliya deb o`zgartiriladi. 1423 yilda esa Adaliya Usmonli turklari tomonidan zabt etiladi va shahar Antaliya nomini oladi. 

Qisqa davrda rivojlangan turizm

Ma`lumotlarga qaraganda, XX asr oxirida Turkiyaning turistik salohiyatini jadal rivojlantirish fonida Antaliya mamlakatning eng muhim sayyohlik markaziga aylangan. D400 avtomagistrali uni boshqa kurort zonalari bilan bog`laydi va 1998 yil qisqa vaqt ichida aeroportda  mamlakatdagi yo`lovchi tashish bo`yicha uchinchi o`rinni egalladi. Hozirgi paytga kelib esa Antaliya Turkiya nomi bilan parallel ishlatiladi, dunyoning eng nomdor turizm markazlaridan biriga aylandi.  

Antaliyaga sayohatni qayerdan boshlaymiz?

Albatta, Antaliyaga sayohatni sohilda joylashgan mehmonxonadan turib, tongda mavjlanib turgan ko`m-ko`k dengizni tomosha qilishdan boshlaymiz. 

Darhaqiqat, dunyoga Antaliya degan nom dengiz va odamlari gavjum sohilni eslatadi. 

Siz ham erta tongda, hali quyosh nurlari yerga tushib ulgurmay, sohilda turib dengizni kuzatar ekansiz, dengiz usti bo`ylab yer va osmonni tutashtirib turgan bulutlar va butun Antaliyaga rangi urib turgan moviylik guvohi bo`lasiz. 

Bunday paytda odam sokin dengiz mavjlanishidan rohatlanish va to`yib-to`yib nafas olish orqali haqiqiy zavqni his etadi. Ushbu kayfiyat Antaliyaning eng go`zal maskanlariga bo`lgan sayohatlarning boshlanishi sifatida muhrlanishi mumkin. Biz esa yuqori kayfiyatda shaharning diqqatga sazovor joylarini kashf etishda davom etamiz. 

Demak, bizni oldinda bir muddat tarixga qaytishga undovchi qadimiy Pergi xarobalari, asrlarki haybatini yo`qotmagan mahobatli "Aspendos" amfiteatri, orzular og`ushiga chorlovchi sharsharalar majmuasidan tortib, dunyoda sanoqli bo`lgan yirik akvariumga sayohatlar kutmoqda. 

Mavzuga doir:

U shunchaki shahar emas... Yoxud dunyoni o`ziga rom etgan Istanbulning siri nimada? (fotoreportaj)

Istanbulni kashf etish qaerdan boshlanadi? (fotosayohat)

Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat er osti shahri qaerda? U erga borishga undovchi 5 sabab (foto)

Bir kunda to`rt fasl... Yoxud Kappadokiya bag`ridagi vodiylar afsonami yoki haqiqat? (fotosayohat)

Farida Egamberdieva, Turkiya-Antaliya

 

Sharhlar

Samarqandlik firibgar Istanbulda ushlandi

08.05.2024, 12:20

1979 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan  Raximov Ozod Sadulloevich Istanbul shahrining Fatix tumanida qo`lga olindi. U  u firibgarlik va odam savdosi bilan shug`ullanganlikda ayblanmoqda.Bu haqida Bosh...
Turkiya Isroil bilan barcha savdo aloqalarini uzdi

03.05.2024, 14:22

Turkiya Isroil bilan savdo aloqalarini to`xtatdi. Bu haqda Bloomberg agentligi ikki turk rasmiysiga asoslanib xabar bermoqda.Ularga ko`ra, 2 maydan boshlab Anqara yahudiy davlatiga barcha eksport va...
Endi Turkiyani suv bosmoqda (video)

01.05.2024, 16:06

Mamlakat poytaxtida yoqqan kuchli yomg`ir sabab Anqara ko`chalarini suv bosdi. Bu haqda TRT haber ma`lum qildi.Buning oqibatida shahar transport tizimi va aeroport ishida uzilishlar kuzatilgan.“Yo`llar...
Xitoyda ertalabdan o`zini baxtsiz his qilganlar ishga kelishi shart emas

25.04.2024, 07:33

Xitoyning Xenan provinsiyasidagi chakana savdo tarmog`i asoschisi Yu Donglay xodimlarga ish va hayot muvozanatini yaxshilashga yordam berish uchun “baxtsiz ta`til” kunlarini joriy qildi, deb yozadi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1