1

Hazrat Sulton cho`qqisi, muzlaydigan Suvtushar sharsharasi, tog`lar bag`ridagi G`ilon va... Qashqadaryoda 17 ta yirik turistik ob`ekt turistlarni o`zida qabul qilmoqda

Jamiyat 10.06.2022, 12:19
Hazrat Sulton cho`qqisi, muzlaydigan Suvtushar sharsharasi, tog`lar bag`ridagi G`ilon va... Qashqadaryoda 17 ta yirik turistik ob`ekt turistlarni o`zida qabul qilmoqda

Qashqadaryo viloyatida ham turizmni strategik darajaga ko`tarish, ichki turizm hajmini keskin ko`paytirish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub`ektlari uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratish, shuningdek, aholini ish bilan ta`minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi.

Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, bugungi kunda viloyatda 48 ta mehmonxona, 194 ta mehmon uylari, 16 ta hostel turistik qatlam uchun xizmat ko`rsatmoqda. Hududda 17 ta yirik turistik ob`ekt mavjud bo`lib, yil davomida 700 mingdan ortiq turistlarni o`zida qabul qiladi.

Shahrisabz -Kitob-Chiroqchi tumanlari marshrutidagi turistik ob`ektlar:

Shahrisabzning tarixiy markazida qadimgi shaharga tegishli turli xil me`morchilik yodgorliklari shahar tarixining dalili sifatida saqlanib qolgan. Ular orasida Oqsaroy va Ko`k Gumbaz masjidini ajratib ko`rsatish mumkin.

Xo`ja Ilm Kon xonaqosi 1345 yilda bunyod etilgan bo`lib, Kitob tumanida joylashgan. Bu qadamjoga Islom so`fiylik tariqati a`zosi Xo`ja Abduboqi – keyinchalik Xo`ja Ilm Kon nomi bilan mashhur bo`lgan ulamo dafn etilgan.  

Ushbu hududda joylashgan Hazrat Sulton cho`qqisining balandligi, dengiz sathidan hisoblaganda, 4 688 metrni tashkil etadi. Ushbu cho`qqi Hisor tog` tizmasidagi suvayirg`ichning janubiy qismida, Kishtut daryosining boshlanish qismida joylashgan. Cho`qqi atrofdagi hududlardan tik qurumli qoyalar hosil qilib ko`tarilgan. Cho`qqining yonidan oqib o`tuvchi va shu hududdan boshlanuvchi daryolar havzasida abadiy qor va muzliklar yastanib yotibdi.

Suvtushar sharsharasi viloyatning janubida joylashgan bo`lib, balandligi 84 metrni tashkil etadi. Qattiq sovuq tufayli sharshara muzga aylanadi. Qo`riqxona ilmiy xodimining ma`lum qilishicha, sharsharaning muzlashi har yil yanvar oyida kuzatiladi. Havo harorati 18-20 darajaga sovishi natijasida bunday hodisa sodir bo`ladi.

Shuningdek. go`zal tabiati bilan mashhur – dengiz sathidan 2250 metr balandlikda, purviqor tog`lar bag`rida joylashgan G`ilonga tashrif buyurgan har qanday sayyoh olam-olam taassurotlar og`ushida qoladi. Qishloq ahli asosan bog`dorchilik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug`ullanadi.

Bundan tashqari, Qarshi-Koson-Kasbi marshrutida Abul Mu`iyn An-Nasafiy, Sulton Mir Haydar, Qusam shayx ota, Shayx Shibli, Er qo`rg`on arxialogik majmuasi kabi turistik obektlar mavjud bo`lsa, Qarshi-Yakkabog` marshrutida “Abu Ubayda al Jarroh”, “Tutak ota”, “Odina masdjid” ziyoratgohlari, Oq kamar sharsharasi hamda “Qoplon dara” ekoturistik ob`ektlari aholiga xizmat ko`rsatmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1