1

“Chor chinor”: daraxtlar kovagidagi maktab, buloqdagi ka`ba aksi, sirli baliqlar makoni

Moziydan sado 06.07.2023, 22:18
“Chor chinor”: daraxtlar kovagidagi maktab, buloqdagi ka`ba aksi, sirli baliqlar makoni

Mamlakatimizni sirli, mo``jizalarga boy, qutlug` qadamjolari ko`p. Ulardan biri Samarqand viloyatining Urgut tumanida hududida joylashgan, tog` etagidagi “Chor chinor” ziyoratgohdir. Asrlar mobaynida u o`zining azim chinorlari, go`zal manzaralari, g`ayrioddiy xosiyatlari bilan etti iqlimdan kelgan ziyoratchilarni maftun etib kelgan.

                           Ming yoshni qaritgan chinorlar

        “Chor chinor” – aslida to`rt tup chinor degani. Biroq bu erdagi katti kichik chinorlarning umumiy soni 120 dan ortadi. Mahalliy aholi vakillarinng aytishicha, bu chinorlardan eng kattasi salkam 1300 yoshda.

        Ma`lumki, Urgut yurtimizning eng ko`hna madaniyat va ma`rifat beshiklaridan.  Bu qadimiy mavzening nomi VIII-IX  asrlarda Chorchinorga kelib, shu erda yashab qolgan, avliyolik darajasiga erishgan ulug` zotlardan biri Xoja Abu Tolib Sarmast nomi bilan bog`liq. – Ul zot ma`rifatda tengsiz bo`lsa-da, mehnat orqasidan taroqsozlik bilan tirikchilik qilgan. Taroq esa, u paytlar asosan yog`ochdan yasalgan. Shu bois Abu Tolib Sarmast o`z mahsulotlariga xomashyo uchun bu erga to`rt tup chinor ekkan. Keyinchalik bu chinorlarning ayrimlari o`rnidan boshqalari unib chiqqan. Ammo, ko`pgina ishonchli manbalarga ko`ra mana shu eng keksa chinor u kishining qo`llari bilan ekilgan.

Ayrim rivoyatlarga ko`ra, Abu Tolib Sarmast, Qusam Ibn Abbos (Shohi zinda -tirik shoh) bilan birgalikda islom dinini tarqatish uchun yurtimizga kirib kelgan. Hozirgi "Chor chinor" hududida turib odamlarni iymonga da`vat etgan. Ammo, u zotni dushmanlar shahid qilishgan. Shunda Abu Tolibning jasadi o`zi ekkan chinor ostiga ko`milgan ekan.

Tarixchi Nasrullo Haydarovning yozishicha, bu rivoyat haqiqatdan ancha yiroq. Sarmastning qabr toshida va Abu Tohirxojaning «Samariya» asarida sarkarda  bo`lgani, islom yo`lida urushib, shahid bo`lgani haqida hech qanday ma`lumot uchramaydi.

                                              Chinormi yoki hujra?

        Er yuzida yoshi minglab yillar bilan o`lchanadigan daraxtlar juda oz. Ulardan biri Urgutdagi mana shu chinordir. Chinor tanasiga o`rnatilgan yog`och eshik ziyoratchilar uchun hamishga ochiq. Chinor bag`ridagi bu hujraning maydoni taxminana 15 kvadrat-metr bo`lib, bu erda bir paytning o`zida 15-17 kishi bemalol joy olishi mumkin. O`tgan asrning boshlarida ana shu hujra maktab vazifasini o`tagan. Keksalarning aytishicha, bu erda bitta muallim 20 nafargacha o`quvchiga saboq bergan.

        Aytishlaricha bu go`shada bir paytlar Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Xoja Ahrori Valiy, Mirzo Bobur singari insonlarning qadami tekkan. Kavak ichidagi tokchalarga bir paytlar shamchiroqlar yonib turgan, bugun esa elektr chiroqlari o`rnatilgan. Hujraning ichi qishda issiq, yozda salqinligi bilan ham barchani lol qoldiradi.

                                     Sohibqironni to`xtatgan tosh

Rivoyatlarga ko`ra, buyuk sarkarda Amir Temurning farmoniga binoan, “Chor chinor”dan bir chaqirim teparoqda. Gulbog` degan qishloqda bog` yaratilgan. Bog`dagi gullar uzoqdan ko`rinib turishi uchun teraklarning shoxi rang-barang gullar payvand qilingan ekan.

Amir Temur shu erdan o`tayotganlarida otlari bir toshga munkib ketadi. Ul zotga bu hodisa g`alati tuyulgan va ot munkib ketgan joyni kavlashni buyurganlar. Shundan so`ng teproq ostidan Abu Tolib Sarmastga tegishli qabr va unga tegishli qora rangli qabr toshi topilgan. Shundan so`ng, Sohibqiron bu qabrning atrofini obod maskanga aylantirishga amr qilgan ekanlar.

        Keksa chinordan bir necha qadam yuqoriga qarab yurilsa, Xoja Abu Tolib Sarmastning qabri va uning ustidagi marmartoshga duch kelasiz. Biroq, bu boshqa marmartosh. Unda Abu Tolib Sarmast hazratlari va ushbu nurli maskan haqida, uni obod qilgan insonlar haqida she`riy misralar bitilgan. Undagi ma`lumotlarda qabr toshi milodiy 1812 yilda Eronda yasab keltirilgani, Buxoro hukmdori Amir Haydar zamonida o`rnatilgani oydinlashadi.      

                           Avliyolar qadamjosi

       1792 yilda bu erda Urgut hokimi Kattabek devonbegi tomonidan madrasa qurilgan, ammo oradan yillar o`tib madrasa buzilib ketgan. Keyinchalik uning avlodlaridan bo`lgan shoir va olim Mir Haydar tomonidan ushbu madrasa qayta tiklangan.

 Bu manzilda tasavvuf olamining buyuk vakillaridan biri hazrati Eshoni Valixon va u kishining nabiralari, shoir va olim Eshoni shayx Qutbiddinxon hazratlari faoliyat ko`rsatganlar. Ularning xoklari ham shu erlan qo`nim topgan. Bu ulug` zotlar Bahovuddin Naqshband, Xoja Axrori Valiy singari mutafakkirlarnin silsilalarini davom ettirib, shu manzilda xalqqa ilmu ma`rifat ulashganlar.

        Eshoni Valixon hazratlarining o`g`illari Eshoni Muhiddinxon ham ilmu urfon bobida katta darajalarga ega bo`lganlar. U kishining o`z farzandlariga atab “Maktubot” asarini bitganlar. Ma`lumotlarga ko`ra Eshoni Muhiddinxon 1931 yilda Madinai munavvarda vafot etgan va o`sha erda dafn etilganlar.

                Baliqlarning sirli tashrifi

        “Chorchinor” mavzei darvozasidan yuqoriga qarab chiqib boraversangiz zilol suvli chashmaga duch kelasiz. Tosh hovuz ichidan qaynab chiqayotgan buloqlar ariqlarga o`tib, Urgut shahrining bir qancha mahallalarini suv bilan ta`minlaydi.

         Buloqning o`ziga xos jihatlari ko`p. Qahraton qishda uning suvi iliq, yozning jazirama kunlari muzdek bo`lib qoladi. Mahalli aholi vakillarining so`zlariga qaraganda, buloq suvi bir qancha kasalliklarga davo ekan. Xususan, uning sariq (gepatit) xastaligiga shifo bo`lishi aniqlangan. Buloqdan oqib chiqayotgan suvga tikilish ko`rish qobiliyatini mustahkamlaydi.

        Buloqning yana bir xislati bor. Buloq qaynab chiqayotgan hovuz suvining ariqqa o`tayotgan qismiga qarab tursangiz, u erda har xil manzaraldarni ko`rasiz. Ayrimlar suv chiqadigan tuynukdan muqaddas Ka`ba aksi ko`rinar ekan.

        Aytishlaricha, bu chashmadagi qizil rangli baliqlarni Nurota chashmasida ham uchratish mumkin. Gap shundaki, Urgut va Nurota o`rtasidagi masofa qariyb uch yuz chaqirimga teng. Nurotadagi baliqlarning ko`rinishi “Chor chinor”niki bilan bir xil. Vaqti-vaqti bilan Nurota chashmasidagi baliqlar g`oyib bo`lib qoladi. Qizig`i ayni holat “Chor chinor”da ham kuzatiladi. Yana bir qiziq tomoni bu baliqlar hech qachon o`ligini ko`rsatmas ekan...

Рустам ЖАББОРОВ

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1