1

Sayyid Olimxon: G`ariblikda jon bergan amir

Moziydan sado 04.02.2024, 23:42
Sayyid Olimxon: G`ariblikda jon bergan amir

O`zbekiston tarixida o`ta ziddiyatli taqdir va fe`l-atvorga ega bo`lgan davlat va siyosat arboblaridan biri Sayyid Olimxondir. U Buxoro amirligi, mang`itlar sulolasining eng so`nggi hukmdori sifatida tarixda qoldi. Amir Olimxon davlatni o`n yil boshqargan bo`lsa-da, uning davrida mamlakat tarixidagi juda katta ahamiyatga ega o`zgarishlar yuz berdi. Ularning eng muhimi Buxoro amirligining davlat sifatida tugatilishi edi.

Sayyid Olimxon 1881 yil 3 yanvarda Buxoro amiri Abdulahadxon xonadonida, Karmanada tug`ilgan. Amirning valiahdi sanalgan Olimxon to`ra dastavval Buxoroda, keyinchalik, 1893-1896 yillarda Peterburgdagi Nikolaev (pajlar) korpusida ta`lim olgan.  1898 yilda  Qarshiga, keyinroq valiahd sifatida Karmana bekligiga hokim etib tayinlangan.

Buxoroning so`nggi hukmdori

Amir Abdulahadxon  1911 yil 7 yanvarda vafot etgach, Sayyid Olimxon  o`sha kuni Buxoro taxtiga o`tiradi. Tan olish kerak, uning davrida Buxoro amirligining Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi.

Birinchi Jahon urushi davrida Amir Olimxon  Rossiyani moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash maqsadida  katta miqdorda pul yuborgan. Bundan minnatdorlik ramzi sifatida Rossiya imperatori Nikolay II 1915 yil dekabrda uni general – leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlagan va o`zining general – ad`yutanti qilib tayinlagan.

Bu paytda Buxoro, shuningdek, Turkiston va Xivada milliy uyg`onish harakatlari ancha jonlanib qolgan, bu esa, Rossiya tasarrufidan chiqib ketolmayotgan amir uchun ortiqcha boshog`riq edi. Shu bois, uning davrida Buxoroda taraqqiyparvar kuchlar shuningdek, Yosh buxoroliklar qattiq ta`qib qilindi. Sadriddin Ayniyning amir jallodlari tomonidan 75 darra urilishi, Mahmudxo`ja Behbudiyning qatl qilinishi ham bevosita uning hukmronligi yillarida yuz berdi.

Amir Turkistonni birlashtirib, mustaqil milliy davlat tuzish g`oyalarini ilgari surgan jadidlarni o`ziga dushman deb bilgan. Chunki, jadidlar orzusi amalga oshsa, uning davlati ham ana shu qudratli mamlakatga qo`shilib ketishini u yaxshi bilardi. Shu bois u 1918 yilning boshlarida tashkil qilingan Turkiston Muxtoriyatiga ham o`ta sovuq munosabatda bo`ldi.

Buxoroda 1917 yil aprel namoyishi, shuningdek, 1918 yil martda yuz bergan Yosh buxoroliklar va bolsheviklarning Kolesov boshchiligidagi isyoni qatnashchilaridan yuzlab  kishilarni qatl ettirdi.

Jon talvasasida...

Ko`pincha, Buxoro amirligining yo`q qilinishiga asosiy aybdor sifatida Amir Olimxonni ko`rsatish unchalik to`g`ri emas. Zotan uning davrida kelib, mamlakatning kunlari yaqinlashayotgani oydek ravshan bo`lib qolgandi.

1756 yildan 1920 yilga qadar mang`itlar sulolasi boshqaruvida hukm surgan Buxoro amirligi bir necha yil davom etgan harbiy harakatlar, urushlar va muzokaralar so`ngida 1868 yilda Chor hukumatiga vassallikni qabul qilgan, uning protektorati ostida yarim mustaqil davlat maqomini olgan edi.

1917 yilda fevral inqilobidan so`ng, Buxoro amirligi to`la mustaqil deb e`lon qilinadi. Ammo mart oyida “Yosh buxoroliklar” harakati a`zolari amirga qarshi manifest o`tkazadilar. Qizil armiya ko`magida bir necha bor hukumatni qo`lga olishga intiladilar. 1920 yili Turkiston fronti rahbari Frunze va amir o`rtasidagi muzokaralar kutilgan natijani bermagach, 1920 yil 30 avgustda Qizil armiya tomonidan amirlik batamom tor-mor etiladi.

Tarixchilarning yozishicha, Buxoro 11 ta aeroplan yordamida bombardimon qilinadi. Piyoda qo`shinlar hamma yoqqa o`t qo`yishi, pulemyotlardan uzluksiz o`q yog`dirishi natijasida 34 ta guzar, 6 mingga yaqin do`kon va hovli, 20 ga yaqin saroy, 29 masjid yonib kul bo`ladi. Minglab begunoh odamlar qiriladi. Amir  Olimxon 1920 yil 1 sentyabr kuni Buxoroni tark etishga majbur bo`ladi.

Vatan ozodligi yo`lida

Amir Olimxon mustaqillik uchun kurashmagan, u hukumatni ruslarga qo`sh-qo`llab topshirgan, degan da`volarga ham qo`shilib bo`lmaydi.

Buxoroni sovet qo`shinlari egallaganidan keyin u mamlakatni qaytarib olishga qo`lidan kelganicha harakat qildi. Sentyabr oyining o`rtalarida Olimxon Sharqiy Buxoro (Hozirgi Tojikistonning Hisor vodiysi) ga borib, Buxoro xalqining bosqinchi qizil armiyaga qarshi olib borgan mustaqillik kurashiga rahbarlik qilishga ham urindi.

Hisor qal`asidagi Amir Olimxon qarorgohi

Olimxon Hisor viloyatini o`ziga qarorgoh qilib, 6 oy davomida qizil askarlarga qarshi kurashdi. Hisorda yangi hukumat tashkil qilib, buxoroliklarning qizil askarlarga qarshi olib borayotgan jang harakatlarini boshqargan. Olimxon Ko`lob, Hisor va Dushanbe atrofida katta miqdordagi kuchlarni birlashtirishga muvaffaq bo`lgan.

1920 yil noyabr oyining o`rtalarida uning qo`shinlari Boysun, Darband, Sherobodni qizil askarlardan ozod qilishdi. Olimxon ixtiyoriga Farg`onadan yordamga yuborilgan 4 ming yigit ham Sharqiy Buxoroga etib keladi. 1921 yil 8 yanvarda Amir Olimxon qo`shinining miqdori 25 ming kishiga etgan. Hisordan Ko`lob viloyatiga kelgan amir butun qo`shinlariga Ibrohimbek Laqayni oliy bosh qo`mondon qilib tayinlaydi.

Biroq, bu urinishlar sovet qo`shinlari tomnidan yo`qqa chiqarilgach, bir qator janglarda mag`lubiyatga uchragan Olimxon 1921 yil 4 mart kuni Amudaryoning Chubek kechuvidan Afg`onistonga o`tib ketadi.

Amirlikning oltinlari qaerda?

Amir Olimxon bilan bog`liq yana bir shov-shuv masala uning yo`qolgan xazinasidir. Amirning o`z vatanini tark etishi haqida shu paytgacha turli uzuq-yuluq gaplar, afsonalar, mishmishlar yuradi. Aytishlaricha, Qizil armiya qo`shinlari tomonidan mag`lub etilgach, u butun xazinasini ot-ulovlarga yuklab, yarim kechasi Buxorodan chiqib ketgan, amirning bitmas-tuganmas xazinasini o`nlab qorovullar qo`riqlab borishgan, karvon Hisor tog` tizmalari orasida berkitilib, xazinani yashirgan odamlar birma-bir o`ldirilgan, amir faqat eng yaqin odamlari, oila a`zolari bilan Afg`onistonga kirib borgan emish...

Keyinchalik bir qator mutaxassislar, ekspertlarning aytishicha, Amir Buxorodan faqat shaxsiy ehtiyojlarini qoplaydigan darajadagi pul va buyumlar bilan ketgan xolos. Chunki, o`nlab ot va tuyalarga yuklangan xazina bilan “qizil”lar nazorati ostidan bemalol “sirg`alib” chiqishi mumkin emasdi.

Agar uning qo`lida etarlicha mablag` bo`lganida, 1920 yilning 12 oktyabr kuni Buyuk Britaniya qiroli Georg V ga maktub bitib, undan 100 ming funt-sterling va qurol-yarog` jo`natishni so`ramagan bo`lardi. Bolsheviklar bilan munosabatlari buzilishini istamagan Buyuk Britaniya qiroli sobiq amirning iltimosini javobsiz qoldiradi.

Bosmachilar harakatining faollaridan biri bo`lgan Ibrohimbek qo`rboshi 1930 yilda amirga yozgan maktubida “men 7 yil mobaynida sovetlarga qarshi jang qildim, ammo siz va`da qilgan yordamdan nom-nishon bo`lmadi” degan satrlar uchraydiki, bu Sayyid Olimxonning bosmachilarga yordamlashish uchun moddiy imkoniyati etarli bo`lmaganini ko`rsatadi.

Rossiyalik publisist Igor Bunichning "Partiyaning oltinlari" kitobida yozilishicha, bolsheviklar hokimiyatni Germaniya qo`shini yordamida bosib olib, Rossiya xazinasini talon-taroj qilib bo`lgach, Buxoroning oltin xazinasini egallash ilinjida bu erga bostirib kelishgan.

Frunze 1917 yildayoq Buxoro xazinasidagi boylik mikdorini aniqlash uchun maxfiy buyruq bergan, bu vazifani bosh vazir Mirzo Nasrullobiy Qushbegi o`ta maxfiy ravishda ado etgan. Qushbegining hisobotida ko`rsatilishicha, amir xazinasidagi oltin va kumush tangalar, yombilar, qimmatbaho toshlar, qog`oz pullar, taqinchoqlar, olmoslarning 73 252 380 podsholik rubli miqdorida baholangan. Ekspertlarning baholashicha, 1913 yildagi 2 podshoh rubli taxminan bugungi 700 Rossiya rubliga teng bo`larkan. Bundan tashqari, Chor Rossiyasi banklarida uning 27 million rubldan ortiq mablag`lari saqlangan...

Ko`pgina tadqiqotchilar bu boylikning katta qismi o`sha paytdayoq Qizil armiya va bolsheviklar rahbarlari tomonidan g`orat qilingani, turli xorijiy banklarga olib chiqib ketilganini ta`kidlashadi.

O`ziga xos xulq-atvor

Amir Olimxonning qattiqqo`lligi, xususan jadidlarga adovatini tushunish mumkin edi. Har bir hukmdor o`z toj-taxtiga, saltanatiga ko`z tikkan kuchlarga qarshi kurashishga, ularni yanchib tashlashga intiladi. Amirning ham bundan boshqa chorasi bo`lmagan.

Amirning harami, uning axloqsizligi haqida ham turli gap-so`zlar yuradi. Albatta, bunda burjaziya davri, eskilik sarqitlari, xonlar va amirlarni yomonlashga asoslangan sovet davri mafkurachilarining ham hissasi katta bo`ldi.

Haram masalasida amir o`sha paytdagi boshqa hukmdorlar, monarxiyaga asoslangan davlat rahbarlaridan uncha farq qilmasdi. Uning haramida shar`iy nikohidagi xotinlardan tashqari, o`nlab joriyalar saqlangani ham haqiqat.

Zotan, Buxoro amirligi zamonaviy qarashlar va mezonlarga asoslangan davlat emasdi. U o`zidan avvalgi temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar singari o`rta asr sulolalarining navbatdagi vorisi edi, xolos.

Sitorai mohi-xosa, Buxoro

Shunga qaramay, Amir Olimxonning o`z davrida qator masjid, maktab va madrasalar, ko`priklar, karvonsaroylar, Sitorai mohi-xosa majmuasini  qurdirgan, 1911 yilda Sankt-Peterburgda musulmonlar uchun katta jome`-masjidi qurilishiga homiylik qilgan. Faqirlar, muhtojlar, talabalarga doimiy nafaqa tayinlagan, to`ylardagi ortiqcha isrofgarliklarga yo`l qo`ymagan.

Amirning so`nggi kunlari

Olimxonni Kobulga Afg`oniston amiri Omonullaxon qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga Qal`ai Fotuhda mahsus qarorgoh ajratib beradi. U Kobulda yashasa ham Buxorodagi ozodlik harakatiga g`oyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etadi.

Olimxon Kobulda o`zining esdaliklarini (“Tarixi huzni milali Buxoro) yozib tugallaydi. Fors tilida bitilgan bu asar keyinchalik turli tillarga tarjima qilingan va o`zbek tilida “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomi bilan chop etilgan.

Asarda biz shu paytgacha tasavvurimizda joylashib ulgurgan noshud, ishratparast va qattiqqo`l amirni emas, o`z xalqi uchun jondan kechishga tayyor, buxoroliklarning mehr-muhabbati qozongan, millat birligi va ozodligi uchun o`z hayotini baxsh etgan insonni ko`ramiz.

Asar shunday jumlalar bilan yakun topadi: “Bu banda shahzodalik paytimdan tortib to Buxoroyi sharifda saltanat tutganimga qadar, shu bilan birga viloyatlarga taalluqli gaplarni yozdim. Bolsheviklarga qarshi, binobarin, inqilob zamonida xam kurashdim. Bundan so`ng ko`chishni ixtiyor qilib, Dorus-saltana Qobulga o`tdim. Buxoro axolisi va unga taalluqli viloyatlar mening tarafdorim bo`lib, bolsheviklarga qarshi etti yil davomida kurashdilar...”

Sobiq amir Kobul shahrida Afg`oniston hukumati tomonidan tayinlangan nafaqa hamda shaxsiy biznesi - qorako`l savdosidan tushadigan foyda hisobidan kun kechirgan. Yaqinlarining eslashicha, u umrining so`nggi yillarida qand kasali bilan og`rigan va ko`zlari ojizlashib qolgan. Shunga qaramay, u o`limi oldidan oila a`zolaridan ona Vatani tomodan esayotgan shamoldan bir zumgina bahra olish, so`nggi ona yurt havosidan nafas olish uchun Amudaryo sohiliga olib borishni iltimos qilgan.

Sayyid Olimxon uzoq davom etgan hastaliklardan so`ng 1944 yil 5 may kuni u Qal`aiy Fotuda vafot etadi. Kobul atrofidagi Shahidoni islom” qabristoniga dafn etilgan.

Amir maqbarasida “bu qabr sohibi alam-sitamga to`la amir bo`lmish va saltanat surmish zoti oliyning bir kaft tuprog`idan xotira” degan jumlalar bitilib, fors tilida yana bir bayt ilova qilinadi:

Amiri bevatan xoru faqir ast,

Gado gar dar vatan mirad, amir ast.

(Vatansiz amir xor va faqirdir, gado ham o`z vatanida o`lsa u amirdir)

Amir Olimxon maqbarasi, Kobul


Rustam JABBOROV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1