Jizzax viloyatida spirtli ichimlik iste`mol qilgan holda mashina boshqargan haydovchi piyodani urib yuborib, uning o`limiga sabab bo`lgan.
Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 21 mart kuni soat 21:00 larda Zafarobod tumanida sodir bo`lgan.
Spirtli ichimlik ta`sirida bo`lgan 24 yoshli haydovchi Tiko mashinasi bilan harakatlanayotib yo`lning chetida masjidga borayotgan 54 yoshli piyodani urib yuborgan.
So`ng jabrlanuvchiga zarur yordam ko`rsatish o`rniga voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda og`ir tan jarohatlari olgan piyoda voqea joyida vafot etgan.
YPX xodimlarining tezkor harakatlari natijasida piyodani urib yuborgan Tiko topilgan va uning haydovchisi ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llangan.
Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266- moddasi 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.