1

Yapon olimlari o`zbekistonlik tadbirkorlarni o`qitadi

Jamiyat 23.04.2024, 11:15
Yapon olimlari o`zbekistonlik tadbirkorlarni o`qitadi

Joriy yilning 12-18 aprel kunlari Yaponiyaning Yamagata universiteti delegasiyasi hamda “Kichik biznesni rivojlantirish jamg`armasi” xodimlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm hamda Buxoro viloyatlarida bo`lib, mahalliy tadbirkorlar ishtirokida bir qator o`quv seminarlari o`tkazishdi. Bu haqda “Biznesni rivojlantirish banki” va Yaponiyaning Yamagata universiteti o`rtasidagi hamkorlik yo`nalishlari hamda kutilayotgan natijalar” mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi, deb xabar bermoqda Darakchi.uz muxbiri.  

Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi a`zolari, “Kichik biznesni rivojlantirish jamg`armasi” AJ mas`ul xodimlari, Yamagata universiteti delegasiyasi a`zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 7 mart kuni Tokio shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston-Yaponiya biznes forumi davomida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi  Saxi Annaklichev va Yamagata universiteti prezidenti Xeditoshi Tamate tomonidan imzolangan shartnomaga ko`ra, respublikamizdagi 10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o`qitilishi va mentorlar tayyorlanishi maqsad qilingan. Kurslar demaind asosida may oyi oxiridan boshlanadi. Kurslarda o`qish tadbirkorlar uchun bepul va 100% yapon mutaxassislari tomonidan o`zbek tilida amalga oshiriladi. Ishtirok etish uchun hududlardagi “Kichik biznesga ko`maklashish markazi”ga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, jamg`armaning  kbrj.uz saytidan ham qo`shimcha ma`lumot olish mumkin.

Yaponiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda o`tkaziladigan o`quv kurslarida tadbirkorlar biznes ko`nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo`nalishlarda o`qitiladi.

Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko`magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Kelgusida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg`armasi” tomonidan tadbirkorlarni o`qitish ishlari mentorlar yordamida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Matbuot anjumanida mazkur muhim vazifa ijrosiga kirishishda dastlab universitet vakillari qator hududlarda bo`lib, tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilgani va ilk tashrif yakunlari bo`yicha ham ma`lumot berildi.

Qayd etilishicha, tashrif doirasida shu kunga qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm hamda Buxoro viloyatlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, mazkur shaharlardagi Kichik biznesga ko`maklashish markazlarida mahalliy tadbirkorlar uchun o`quv seminarlari tashkil etilib, tadbrikorlar biznesni boshqarishning yapon metodi bilan tanishtirildi. Mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishga doir muhim va foydali tavsiyalar berildi.  

Yamagata universiteti professori Tadashe Onodera o`zbekistonlik kichik biznes egalari haqida gapirar ekan, ularning eng katta muammosi biznesida qanday muammolar borligini bilmasligida dedi.  

“Ko`zi ojizlar uchun linzalar ishlab chiqaradigan korxonada bo`ldik. Zavod egasi sotuv yaxshi bo`lmayotganidan nolidi. Keyinchalik bilsak, uning eng katta xatosi mijozlari kimligini bilmasligida ekani ayon bo`ldi. U mijozlarini yoshi kattalar orasidan qidiradi. Lekin bugungi kunda asosan yoshlar ko`z kasalliklari bilan qiynalishmoqda”,–dedi yaponiyalik professor.  

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, tadbirkorlikka o`qitish dasturining Lean Management metodikasi ilk bor Yamagata Universiteti tomonidan O`zbekistonga olib kirilmoqda.

Ma`lumot uchun: 1949 yilda tashkil etilgan Yamagata universiteti Yaponiyaning milliy universiteti bo`lib, jahondagi eng yaxshi 600 universitetlar qatoriga kiradi. Yamagata universiteti 18 mamlakatdagi 48 ta universitet va institutlar bilan hamkorlik qiladi. U erda faoliyat yuritadigan professor olimlar AQShning “Silikon vodiysi”dagi nufuzli kompaniyalar, “Lenovo”, “Mitsui” kabi korporasiyalarning boshqaruvi a`zolari bo`lishgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1