1

O`zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari Britaniyaga ishga yuboriladi

Jamiyat 27.04.2024, 13:47
O`zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari Britaniyaga ishga yuboriladi

O`zbekiston elchixonasi ko`magida Britaniyaning "NEU Professionals" rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va "Mutaxassis til kurslari" markazi vakillaridan iborat delegasiyaning O`zbekistonga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Safar davomida Britaniya tomoni O`zbekiston Kambag`allikni qisqartirish va bandlik, Oliy ta`lim fan va innovasiyalar, Sog`liqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi “Medicon” universitetida uchrashuvlar o`tkazgan.

Olib borilgan muzokaralar natijasida o`zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini chet tillariga o`qitish orqali Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarga ishga qabul qilish hamda 3 ming AQSh dollari miqdorida oylik maosh to`lash bo`yicha kelishuvga erishilgan. Shuningdek, "NEU Professionals" rekruting agentligi vakillari ishtirokida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida ish beruvchi talabi, ushbu yurtda ishlash tartibi batafsil tushuntirilgan.

Britaniya tomoni o`zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari, jumladan hamshiralar o`rta tibbiy xodim sifatida faoliyat yuritish bilan cheklanib qolmasligi, balki qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtai nazaridan o`sish imkoniga ega bo`lishini ta`kidlagan.

"NEU Professionals" rekruting agentligi 2013 yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga ko`maklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga etkazib berish bilan shug`ullanmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1