586 gektar maydonni egallagan Karmana tumanidagi “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi. Ko`plab sanoat korxonalarini o`zida qamrab olgan, soliq va bojxona imtiyozlariga ega, turli majburiy to`lovlardan ozod hudud. Navoiy viloyatiga safarimiz chog`ida 2008 yildan buyon ishlab kelayotgan mazkur hududda ham bo`lib, u erning faoliyati haqida foydali va qiziq ma`lumotlarga ega bo`ldik. Asosan, yoshlar faoliyat yuritayotgan “Navoiy” EIIZda qizlarning ham yigitlar qatori mehnat qilayotganining guvohi bo`ldik. Keling, bir boshidan boshlasak...
Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasi haqida qisqacha
Navoiy viloyatining sanoat salohiyatini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 2 dekabrdagi “Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish to`g`risida”gi PF-4059-sonli Farmoniga asosan Navoiy viloyati Karmana tumani hududida O`zbekistondagi birinchi erkin zona – “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi (EIIZ) tashkil etilgan bo`lib, “Navoiy” EIIZda ro`yxatdan o`tgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlar ularga kiritilgan to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar hajmi quyidagicha bo`lgan taqdirda (O`zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2009 yil 23 fevraldagi “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida alohida bojxona rejimi va alohida soliq rejimini ta`minlash tartibi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash to`g`risida”gi 120-sonli Qarori) er solig`i, mulk solig`i, daromad solig`i, obodonchilik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig`i, yagona soliq to`lovi (kichik korxonalar uchun), Respublika yo`l jamg`armasi va Ta`lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta`mirlash va jihozlash jamg`armasiga majburiy to`lovlardan ozod etilgan:
- 3 million evrodan 10 million evrogacha — 7 yilga;
- 10 million evrodan 30 million evrogacha — 10 yilga. Keyingi 5 yil davomida foyda solig`i va yagona soliq to`lovi hajmi amaldagi stavkadan 50 foiz miqdorida belgilanadi;
- 30 million evrodan ortiq bo`lganda — 15 yilga. Keyingi 10 yil davomida foyda solig`i va yagona soliq to`lovi hajmi amaldagi stavkadan 50 foiz miqdorida belgilanadi.
“Bundan tashqari, - deya qo`shimcha qiladi “Navoiy” EIIZ direktori o`rinbosari Nazirjon Jo`raev, - olib kirilayotgan hom ashyo uchun qo`shimcha qiymat solig`ini maqsadli yo`naltirish, ya`ni korxona faoliyatini kengaytirishi, yangi tarmoq faoliyatini boshlashi uchun sarflashlari mumkinligi imkoniyati yaratilgan. Davlat bu soliqni ham to`g`ridan-to`g`ri olib qo`ymaydi.”
Yo`nalishlari
“Navoiy” EIIZ hududidagi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatining asosiy yo`nalishlari zamonaviy chet el yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega asbob-uskuna va texnikalari, texnologiya liniyalari va modullari, innovasiya texnologiyalarini joriy etgan holda yuqori texnologiyali, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlarning keng turlarini ishlab chiqarish bilan bevosita bog`liq.

Valyuta konvertasiyasi erkinlashuvining ijobiy ta`siri
Nazirjon Jo`raev:
— Ushbu hududda 2008-2016 yillar mobaynida 18 ta sanoat korxona tashkil etilib, faoliyat yuritgan bo`lsa, 2017, 2018, 2019 yillarda investorlar oqimi keskin oshdi. Valyuta konvertasiyasi erkinlashuvi hisobiga har yiliga 20 ta yangi korxona tashkil qilinishiga erishdik. Yana 96 ta loyiha ustida ishlayapmiz. Hozircha ishchilar soni 3 000 yaqin bo`lsa, loyihalar to`liq ishga tushgach, ishchilar 7 500 taga etishi mumkin. Reja bo`yicha 2021 yil oxirigacha hamma loyihalarni ishga tushiriladi.
Oylik maoshlar miqdori qancha?
— Eng kam oylik ish haqi hech qanday tajribasi bo`lmagan ishchilarda 1-1,5 mln. so`m. Bu jami ishchilarning 30 foizini tashkil qiladi. Diplomi bor, mutaxassislikka ega hodimlar esa 7-8 mln. so`mgacha maosh olishadi.
Kimlar erkin-iqtisodiy zona a`zosi bo`lishi mumkin?
— Prezidentimizning 2019 yil 15 mayda qabul qilingan 5719-sonli qarori bilan butun Navoiy viloyati hududi erkin iqtisodiy hududiga aylantirildi. Viloyat bo`yicha istalgan hududdan turib, EIZ a`zosiga aylanish mumkin. Bu investorlar uchun katta qulaylik yaratdi.
Nazirjon Jo`raevning ta`kidlashicha, mazkur hududga ishga kirgan oddiy ishchida ham ma`lum muddatlarda tashkil etiladigan o`quv kurslari sertifikatlarini olib, lavozimini va maoshini oshirish imkoniyati mavjud. U EIZga ishga kelgan oddiy yukchining bir yil ichida bo`lim boshig`i lavozimiga ko`tarilganini misol keltirdi. Ming afsuski, ish vaqtidan tashqari borganinmiz uchun aynan o`sha bo`lim boshlig`ini topishning imkoni bo`lmadi. Lekin kechki smenada endigina ishga kelgan zamonaviy duradgor qizlar bilan suhbatda Nazirjon aka aytgan amaliyot o`z isbotini topdi. Plastik eshik-romlar uchun hom-ashyo ishlab chiqaruvchi korxonada ishlovchi Sevara Boboeva bugun sifat nazoratchisi lavozimigacha ko`tarilganini aytadi:
“Ishga kirganimga bir yil bo`ldi. Dastlab plyonka kesuvchi bo`lib ishlaganman. O`sha payti oylik maoshim 1 mln. 200 ming so`m edi. Har uch oyda olinadigan imtihonlardan o`tib, avval qadoqlovchi, endi esa sifat nazoratchisi bo`lib ishlayapman. Hozir oyligim 1 mln. 850 ming so`m. Ishim o`zimga yoqadi. EIZga yaqin hududda yashayman. Bizga bu erda ishlash juda qulay.”




Statistikaga e`tibor qaratsak, “Navoiy” EIZ hududida 2010-2016 yillarda 904 ta ish o`rni yaratilgan bo`lsa, 2016-yildan buyog`iga bu o`rinlar soni 3 000 taga yaqinlashgan va yana o`sishda davom etmoqda. Mutaxassislar bu o`sishlarning asosiy sabablarini 2017 yildagi valyuta konvertasiyasining liberallashuvi, yangi Soliq kodeksining yaratilishi, investorlar uchun imtiyozlarning oshishi va butun Navoiy viloyatining erkin iqtisodiy zonaga aylanishi bilan izohlashmoqda. Eng muhimi, islohotlar samarasini berib, ishsizlar va yoshlar bandligi ta`minotida o`sishlar kuzatilyapti.
Sardorbek Rahmonqulov






