Osiyo taraqqiyot banki (OTB) oxirgi hisobotida 2020 yilda O`zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 0,5 foizga o`sishini prognoz qildi. Bu mazkur moliya instituti iyun oyida e`lon qilgan prognozidagi 1,5 foizlik darajadan uch barobar pasayishdir. Bunday keskin o`zgarishga nima sabab bo`ldi?
Tashkilot bunga “COVID-19” pandemiyasi sharoitida talabning susaygani, oqibatda sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish kamaygani, xizmatlar ko`rsatish sohasida pasayish kuzatilgani asosiy sabab sifatida keltirilmoqda.
Sindi MALVIChI, OTBning O`zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari:
– Bu yil O`zbekiston iqtisodiyotida pasayishni taxmin qilinayotgan bo`lsa-da, xizmat ko`rsatish va sanoat sohalarida kutilayotgan o`sish sur`atlari tufayli 2021 yilda iqtisodiyot qayta tiklanadi. Mamlakat pandemiyani qisqa vaqt ichida engib, iqtisodiy barqarorlikni ta`minlashga erishishi uchun koronavirusning ijtimoiy-iqtisodiy va aholi salomatligiga ta`sirini kamaytirish maqsadida O`zbekiston xalqini qo`llab-quvvatlab, yordam berib kelmoqdamiz.

Darhaqiqat, O`zbekiston eng katta davlat tashqi qarzini OTBdan olgan. Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarga qaraganda, joriy yilning 1 yarim yilligida davlat tashqi qarzi yil boshidagiga nisbatan 10,5 foizga oshib, 17,31 milliard AQSh dollariga etgan. Shundan, 3,9 milliard dollari OTB tomonidan taqdim etilgan.
Kezi kelganda aytish joizki, ayni paytda davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan 30,3 foizga etgan. Garchi, so`nggi yillardagi qarz miqdori ortib borayotgan bo`lsa-da, xalqaro me`yorlarga binoan, mo``tadil darajada ekanligini aytib kelinmoqda.
TAXMINLAR O`ZINI QANChALIK OQLAYDI?
E`tiborlisi, hisobotda inflyasiya prognozlari o`zgarishsiz qoldirilgan. Bank ekpertlarining nazdida, inflyasiya darajasi 2020 yilda 13 foiz, 2021 yilda 10 foiz bo`lishi kutilmoqda. Ammo bu borada o`zimizning prognoz boshqacharoq. Markaziy bank boshqaruvi yil yakuni bo`yicha inflyasiya prognozi 11-12,5 foiz darajasida saqlanib qolinganini ma`lum qilar ekan, amalda inflyasiya prognozning quyi chegarasiga yaqin darajada shakllanish ehtimoli yuqoriligini bildirmoqda.
To`g`ri, oradagi tafovut u qadar katta emas. Shunday bo`lsa-da, bularning bari o`z oti bilan prognoz. Demak, taxminlar o`zining qanchalik oqlashini esa vaqt ko`rsatadi.
ALMAShUV KURSIDA JIDDIY TEBRANIShLAR KUTILMAYaPTI
OTB milliy valyuta almashuv kursiga e`tibor qaratar ekan, o`zbek so`mining AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanish darajasi yuqori ekanligini keltirmoqda. 2019 yilning birinchi yarmidagi 2,5 foizlik ko`rsatkich6,7 foizga etgan.
So`mning almashuv kursidagi bu o`zgarishlarga qanday omillar turtki bo`ldi?
Markaziy bank rahbariyatining so`zlariga ko`ra, so`mning almashuv kursi dinamikasi yanvar-avgust oylarida jahon iqtisodiyotidagi umumiy iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi, valyuta tushumlarining kamayishi va asosiy savdo hamkor davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi fonida shakllandi. Natijada joriy yilning aprel oyida valyuta kursi keskin qadrsizlanishi (5,8 foiz) ro`y berdi. May-avgust oylarida nisbatan barqarorlashishi tufayli yanvar-avgust oylarida umumiy devalvasiya darajasi 8 foiz atrofida bo`ldi.
Quvonarli tomoni shundaki, kelgusida valyuta kursida jiddiy tebranishlar ro`y bermasligi kutilmoqda. Tabiiyki, bunda ichki makroiqtisodiy holat bilan birga, tashqi dunyodagi iqtisodiy o`zgarishlar ham muhim ahamiyat kasb etadi.
TAShQI SAVDO AYLANMASI SALDOSI — 1,3 MILLIARD DOLLAR
Hisobotda aytilishicha, sayohat cheklovlari, pul o`tkazmalarining qisqarishi, tabiiy gaz hamda misga bo`lgan talabning va narxning pasayishi sababli eksport 19,7 foizga pasaygan. Natijada O`zbekistonning joriy hisob defisiti 2020 yilning birinchi yarmida YaIMning 7,7 foiziga o`sdi.
Ta`minot zanjiridagi uzilishlar importning 14,1 foizga qisqarishiga olib keldi. Ayniqsa, qurilish va sanoat mollari importida sezilarli pasayish kuzatildi. Bundan tashqari, xizmatlar eksporti 38,6 foizga, importi esa 28,4 foizga kamaydi.
Bugungi kunda O`zbekiston jahonning 160 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini yo`lga qo`ygan. Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning o`tgan sakkiz oyi mobaynida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 24,5 milliard dollarni tashkil etdi. Demak, o`tgan yilning mos davriga qiyoslaganda, 3,5 milliard dollarga kamaygan.
Tashqi savdo aylanmasida eksport ulushi 11,6 milliard dollar, import hajmi esa 12,9 milliard dollarga teng bo`ldi. Tashqi savdo aylanmasi saldosi -1,3 milliard dollarga etgan. Eksport tarkibida oltinning ulushi 50 foizni tashkil etdi.
PUL O`TKAZMALARI HAJMI 5,4 FOIZ QISQARDI
Shuningdek, OTB pul o`tkazmalaridagi zaiflik davom etayotgan sharoitda bank joriy hisob defisitining 2020 yilda oshishini va 2021 yilda eksport va pul o`tkazmalarining tiklanishi natijasida qisqarishini prognoz qilmoqda. Markaziy bankning tasdiqlashicha, 2020 yilning sakkiz oyi davomida mamlakatimizga transchegaraviy pul o`tkazmalari hajmi 3,7 milliard dollarni tashkil etib, 2019 yilning mos davridagiga nisbatan 209 million dollarga yoki 5,4 foizga qisqargan.
O`zbekiston iqtisodiyotida pasayish kutilayotganini hech kim inkor qilmaydi. Gap prognozning o`zgarayotganida ham emas. Eng muhimi, nisbatan kam foizli bo`lsa-da, iqtisodiy o`sishga erishilayotganida. Global inqiroz oqibatida nafaqat rivojlangan davlatlar, balki jahon iqtisodiyotida o`sish emas, aksincha, pasayish ko`rsatkichlari minusga tushgan hozirgi og`ir sharoitda 0,5 foiz o`sish qayd etilishi, bizningcha, normal holat hisoblanadi.
Asrorbek NE`MATOV
MANBA: "DARAKChI" GAZETASI (№ 35 (1114) 01.10.2020)






