Abiturientlarni Qozog`istonga o`qishga kiritib qo`ymoqchi bo`lib, pul talab qilgan shifokor qo`lga olindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi shahar sudi raisi Anvar ELMURODOV va jurnalist Shavkat AMINOV xabar bermoqda.
Shifokor E. S.ning ishxonada ham, tanish-bilishlari o`rtasida ham yaxshigina obro`yi bor edi. Uzoq yillardan buyon odamlarning dardiga davo topib kelgan shifokorning, o`zi afsuski, “davolanishga” muhtoj bo`lib qoldi. Sud zalida bosh egib turgan bu shaxs birinchi bor bunday holga tushayotgani yo`q aslida. Muqaddam ikki bor firibgarlik jinoyati uchun sudlangan bo`lsa-da, bundan o`ziga tegishli xulosa chiqara olmadi.
- Shunchaki yordam bermoqchi bo`lgandim, - dedi shifokor sud jarayonida aybiga iqror bo`larkan. – Shayton yo`ldan urdimi bilmadim, shu ish ortidan foyda ko`rmoqchi bo`ldim. Afsuski, endi pushaymon bo`lib turibman.
E.S. sentyabr oyining boshida Qarshi davlat universitetiga shartnoma puli miqdorini aniqlash maqsadida yurgan ayol bilan tanishib qoladi. Uning qizini o`qishga kiritmoqchi bo`lib yurganini bilib, Qozog`istondagi oliy o`quv yurtiga kiritib qo`yishni taklif qiladi va bu xizmati uchun 2000 AQSh dollari so`raydi. Shu erning o`zida yana bir fuqaroga mansabdor tanishlari orqali oliygohga kiritib qo`yishni va`da qilib, evaziga 5000 ming AQSh dollari so`raydi. Afsuski, E.Safarovning bu galgi firibi o`ziga qimmatga tushadi. Olib borilgan tezkor tadbirda jinoyat ustida qo`lga olinadi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi shahar sudi tomonidan 23 noyabr kuni muhokama etilgan mazkur jinoiy ish yakunida sudya o`z hukmini e`lon qildi. Unga ko`ra E.S.ga 3 muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olindi.
"So`ngi pushaymon o`zinga dushman" deydi dono xalqimiz. Afsuski, bu pushaymonlik avvalroq bo`y ko`rsatganida bugun misqollab yig`ilgan obro` havoga sovurilmagan, shifokorning boshi egilmagan bo`lardi...