AsosiyJINOYAT

Toshkentda 26 ming dollarlik narkotik savdosi fosh etildi

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Toshkentda 26 ming dollarlik narkotik savdosi fosh etildi'ning rasmi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahrida katta miqdordagi giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan, avval giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs Toshkent shahrining  Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, u qo‘shni davlatdan olib kelingan 1 kilogramm 185 gramm "gashish"ni shartli xaridorga 26 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. U kelishilgan pulning 21 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, giyohvandlik vositasini Surxondaryodan poytaxtga olib kelgan "Cobalt" avtomashinasi haydovchisi — 1987-yilda tug‘ilgan denovlik shaxs ham mehmonxona yonida qo‘lga olingan. U muqaddam o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar