"Darakchi" tahririyatiga quyidagicha murojaat kelib tushdi:
— Hozirda tumanlararo ma`muriy sudida Majburiy ijro byurosi tuman bo`limi qaroriga nisbatan shikoyatim ko`rib chiqilmoqda. Tuman mudofaa bo`limi tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilmoqdaman. Sud ishni ko`rishni to`xtatib turishi mumkinmi?
Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Toshkent tumanlararo ma`muriy sudi sudyasi Ma`rufjon Ergashev bilan bog`landik...
— Sud quyidagi hollarda ish yuritishni to`xtatib turishi shart:
1. Mazkur ishni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi, fuqarolik ishlari bo`yicha sud, jinoyat ishlari bo`yicha sud, ma`muriy sud yoki iqtisodiy sud tomonidan ko`rilayotgan boshqa ish yoki masala yuzasidan, shuningdek tergov harakatlari olib borilayotgan ish yoki masala yuzasidan qaror qabul qiling uniga qadar ko`rish mumkin bo`lmaganda;
2. Ishda ishtirok etuvchi shaxs bo`lgan fuqaro vafot etganda, agar nizoli huquqiy munosabatlar huquqiy vorislikka yo`l qo`ysa;
3. Ishda ishtirok etuvchi shaxs bo`lgan fuqaro muomala layoqatini yo`qotganda.
Shuningdek, sud quyidagi hollarda ish yuritishni to`xtatib turishga haqli:
1. Sud tomonidan ekspertiza tayinlanganda;
2. Ishda ishtirok etuvchi shaxs bo`lgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganda;
3. Arizachi bo`lgan fuqaro davlat majburiyatini bajarish uchun jalb qilinganda.
Ish yuritishni to`xtatib turishga sabab bo`lgan holatlar bartaraf qilinganidan keyin ish yuritish tiklanadi.
Sizning holatingizda sud ishning holati va mazmunidan kelib chiqib, harbiy xizmatni o`tab kelguningizga qadar ish yuritishni to`xtatib turishga haqli.
Sadoqat ALLABERGANOVA