AsosiySavol-javob

Aholi orasida qanday ko`z kasalliklari ko`p uchramoqda?

'Aholi orasida qanday ko`z kasalliklari ko`p uchramoqda?'ning rasmi

Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori shu savolga javob berdi. Shuningdek, ko`z kasalliklarining oldini olish va ulardan saqlanish uchun nima qilish lozimligi bo`yicha tavsiyalar berildi.

Uning qayd etishicha, hozirgi vaqtda allergik va virusli kon`yunktivitlar hamda kompyuter sindromi kabi ko`z kasalliklari ko`paygan. 

"Aksariyat hollarda ushbu kasalliklar gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, dori vositalarini shifokor maslahatisiz uy sharoitida qabul qilish hamda o`z vaqtida shifokorga murojaat etmaslik oqibatida kelib chiqadi. Jumladan, dori vositalarining noto`g`ri ishlatilishi allergik asoratlarga olib kelishi va kasallikni og`irlashtirishi mumkin. Masofaviy ish ko`payishi natijasida kompyuterda uzoq vaqt ishlash ham ko`rish o`tkirligiga zarar etkazishi mumkin",-deydi Otabek Ikromov.

Shuningdek, shifokor bunday holatlarning oldini olish uchun nima qilish kerakligi bo`yicha tavsiyalar berdi.

"Ko`z mashqlarini muntazam qilib borish, kompyuterda ishlaganda har 20 daqiqada 20 soniyaga uzoqqa qarab ko`zlarga dam berish lozim bo`ladi. Aholi orasida keng tarqalgan va og`ir asoratlarga olib keladigan ko`z kasalliklarining oldini olish uchun, albatta, yiliga bir marta tibbiy tekshiruvdan o`tib turish kerak. Naslida ko`z kasalliklari mavjud bo`lgan insonlar esa 35 yoshdan so`ng yiliga 2 marotaba ko`zlarini tekshirtirib turishi talab etiladi. Shundagina kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash mumkin.  

"Misol uchun, yoshligida glaukoma kasalligi boshlanishi bilan shifoxonamizga murojaat etgan, hozir o`z farzand va nabiralarini ham tekshiruvga birga olib keladigan, ko`rish o`tkirligi yaxshi saqlangan bemorlarimiz bor. Va aksincha, ko`rish o`tkirligi ancha pasayganda murojaat etganlar ham mavjud.

Ularda ko`rish nervi qaytarib bo`lmas o`zgarishlarga uchragan. Afsuski, bunday og`ir holatlar kam emas. Shu bois ko`rish o`tkirligi pasayishini kutmasdan o`z sog`lig`ingizga yoshlikdan e`tiborli bo`lishingizni tavsiya qilamiz",-deydi bosh shifokor.

Uning ta`kidlashicha, ko`z kasalliklari ichida naslga, yoshga, jinsga bog`liq bo`lganlari ham, bog`liq bo`lmaganlari ham mavjud. 

"Misol uchun, miopiya yoki glaukomada nasliy faktor muhim ahamiyatga ega. Infeksion ko`z kasalliklarining esa naslga bog`liqlik joyi yo`q",-deydi Otabek Ikromov.  

Ma`lum qilinishicha, ko`z kasalliklaridan saqlanish uchun, avvalo, gigiena qoidalariga qat`iy amal qilish hamda hozirgi axborot texnologiyalari davrida urfga aylangan smartfon, planshet hamda kompyuter vositalaridan foydalanishda me`yorga rioya etish lozim.  

Shuningdek, o`z vaqtida ko`zlarni tekshirtirib turish hamda dori vositalaridan faqatgina shifokor maslahati bilan foydalanish tavsiya etiladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar