AsosiySavol-javob

Mehnat qonunchiligiga ko`ra, o`z hisobidan ta`til olgandan keyin dekret puli to`lanadimi?

'Mehnat qonunchiligiga ko`ra, o`z hisobidan ta`til olgandan keyin dekret puli to`lanadimi?'ning rasmi

Tahririyatga Namangan viloyatidan N.Sattorova quyidagicha murojaat yo`lladi:

— Hozirda "bolnichny"daman, o`tgan oy o`z hisobimdan ta`til olganman. Ikki oydan keyin dekretga chiqishim kerak. Menga qancha miqdorda dekret puli tayinlanishini bilmoqchi edim.

Savolga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Zaxriddin TURAEV bilan bog`landik:

— Mehnat kodeksiga binoan xodimlar homiladorlik va tug`ish ta`tillari, bolalarni parvarishlash ta`tillari kabi ijtimoiy ta`til olish huquqiga egadirlar.

Ushbu kodeksning 233-moddasiga binoan ayollarga tuqqunga qadar etmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug`ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug`ilgan hollarda — etmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug`ish ta`tillari berilib, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqa to`lanadi.

Homiladorlik va tug`ish ta`tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug`ishga qadar amalda bunday ta`tilning necha kunidan foydalanilganidan qat`i nazar ayolga to`liq beriladi.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002 yil 1 apreldagi 21-son buyrug`i bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomda homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqani tayinlash va to`lash tartibi belgilangan bo`lib, unga ko`ra, homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqani tayinlash va to`lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo`ladi.

Homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa (shu jumladan, homila tushgan hollarda) vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko`rsatilgan barcha davr uchun to`lanadi.

Xodim yillik (asosiy va qo`shimcha) ta`tilda va bolani parvarishlash uchun ta`tilda bo`lgan vaqtda homiladorlik va tug`ish bo`yicha ta`til berilganda, nafaqa homiladorlik va tug`ish bo`yicha ta`tilning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko`rsatilgan barcha kunlari uchun beriladi. Bolani parvarishlash bo`yicha ta`til davri uchun nafaqa tarif stavkasidan (lavozim maoshidan) va ta`til boshlanishidan oldingi 12 oy mobaynida olingan mukofotlarning o`rtacha oylik summasidan hisoblab chiqariladi. Bunda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilgan kuniga bo`lgan tarif stavkasi joylarda belgilangan tuman koeffisienti va ustamalarni hisobga olgan holda olinadi.

Homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi.

Demak, mehnat qonunchiligi, xususan yuqorida qayd etilgan nizom talablaridan kelib chiqib, Sizga tashkilot tomonidan tegishli miqdordagi dekret puli to`lanishi lozim bo`ladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar