Qozog`iston prezidenti Qosim-Jo`mart To`qaev Nur Otan partiyasining yig`ilishida Ukrainadagi vaziyat keskinlashuvi haqida gapirdi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
“Aytilayotgan gaplarning barchasi Ukraina atrofida sodir bo`layotgan voqealar fonida alohida ahamiyatga ega. Bizning pozisiyamiz davlatimiz xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta`minlashning muhim zaruratidan kelib chiqishi kerak. 2010 yilda YXHT sammitiga mezbonlik qilgan davlat sifatida biz Evrosiyo xavfsizligining bo`linmasligi prinsipiga tayanamiz. Bu haqda men 10 fevral kuni Moskvaga tashrifim davomida ma`lum qilganman”, — deydi To`qaev partiyaning navbatdan tashqari chaqirig`ida.
Uning ta`kidlashicha, bo`linmaslik va umumiy xavfsizlik tamoyili o`zaro ishonchga asoslangan o`zaro tushunishni nazarda tutadi.
“Afsuski, bu sodir bo`lmadi, Minsk kelishuvlari qog`ozda qolib ketdi va bu Ukraina hududida harbiy harakatlarga olib keldi. Geosiyosiy vaziyat misli ko`rilmagan darajada yomonlashdi. Va endi afsuski, bu tendensiyaning qaytarib bo`lmasligi haqida gapirish vaqti keldi. Shu sababli biz ikkala mamlakatni ham muzokaralar stolida til topishib olish, kelishuv va shartnomalarga erishishga chaqirib qolamiz. Boshqa yo`l yo`q. Yaxshi janjaldan yomon tinchlik afzal. Tinchliksiz rivojlanish bo`lmaydi. Qozog`iston, agar zarur bo`lsa, har qanday yordam, jumladan, vositachilik xizmatlarini ko`rsatishga tayyor”, — deydi Qosim-Jo`mart To`qaev.






