Bugun, 24 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev maktab bitiruvchilariga bayram tabrigi yo`lladi. Prezident Matbuot xizmati tabrik matnini e`lon qildi.
Qadrli maktab bitiruvchilari!
Sizlarni maktab ta`limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga – umringizning yanada go`zal va mas`uliyatli bosqichiga qadam qo`yayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mamlakatimizdagi barcha umumta`lim dargohlarida “so`nggi qo`ng`iroq”lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari o`tkazilayotgan ushbu quvonchli va g`oyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Umid va ishonch ramzi bo`lgan etuklik shahodatnomalari barchangizga muborak bo`lsin!
Aziz bolalarim!
Bu yil respublikamizda 390 ming nafardan ziyod o`quvchi yoshlar umumta`lim maktablarini bitirmoqda. Hech shubhasiz, o`z bilim va iste`dodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand bo`lishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chog`lanib turgan sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz – bizning ishonchimiz va tayanchimiz, Yangi O`zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.
Albatta, bugun yurtimizda maktab bitiruvchilari bilan birga ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylar uchun ham unutilmas kundir. Ushbu quvonchli ayyomda ularni ham chin dildan qutlab, barchasiga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
So`nggi yillarda maktabgacha ta`lim, oliy va o`rta maxsus ta`lim tizimi sifat jihatidan keskin o`zgardi. Ayniqsa, maktab ta`limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumta`lim maktablari bilan birga ko`plab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat yuritayotgani ushbu tizimda qisqa muddatda chuqur tarkibiy va sifat o`zgarishlari yuz berganini ko`rsatadi.
Birgina o`tgan yilda 3,3 trillion so`m mablag` hisobidan 789 ta maktabda qurilish va ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida o`quvchilarimiz qo`lga kiritgan medallar soni 3 barobar, mintaqaviy olimpiadalarda esa qariyb 2 barobar ko`paygani, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 900 mingdan ziyod o`quvchi dasturlash asoslarini o`rganib, sertifikatga ega bo`lgani barchamizni xursand qiladi.
Butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag`ishlagan jonkuyar o`qituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib rag`batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro`-e`tiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Taraqqiy topgan davlatlar tajribasi asosida maktab ta`limi uchun o`quv dasturi va darsliklar yangilanmoqda. Ayniqsa, umumta`lim maktablari uchun 326 nomda o`quv-metodik majmualar, o`qituvchilar kitobi hamda mashq daftarlari yaratilgani muhim qadam bo`ldi.
Yurtimizdagi barcha maktablar yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmog`iga ulanib, lokal tarmoq hamda Wi-Fi uskunalari o`rnatildi.
Shuningdek, hozirgi notinch zamonda farzandlarimizni yuksak ma`naviyat egalari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga alohida e`tibor qaratmoqdamiz. Keng ko`lamdagi ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz o`rtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, san`at va sport to`garaklariga yanada faol jalb etish bo`yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Aziz farzandlarim!
Keyingi paytda xalqimiz, ayniqsa, unib-o`sib kelayotgan siz kabi yoshlarimiz uchun O`zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Respublikamizda faoliyat ko`rsatayotgan 162 ta oliy o`quv yurti, ko`plab kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar kelgusida sizlarning o`zingiz tanlagan sohalar bo`yicha etuk kadr va malakali mutaxassis bo`lishingiz uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, 78 ta oliy ta`lim muassasasida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o`qib, oliy ma`lumot olish hamda masofaviy ta`lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi yo`lga qo`yildi.
Bitiruvchi yoshlarni oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan bu yil 38 foizga etkazildi.
Yurtimizda etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan o`quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, nogiron bolalar uchun professional ta`lim tizimida alohida imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu haqda so`z yuritganda, 2020-2021 o`quv yilida kollej va texnikumlarga to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilingan 1157 nafar, 2021-2022 o`quv yilida esa 1433 nafar o`quvchi qabul parametrlaridan tashqari qo`shimcha davlat granti asosida o`qishga qabul qilinganini ta`kidlash lozim.
Aminman, sizlar ana shunday imkoniyatlar asosida etuk mutaxassislar bo`lib, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xo`jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta qurilishlar, firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, madaniy va ijodiy jamoalarda ish boshlaysiz va Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga albatta munosib hissa qo`shasiz.
Muxtasar aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e`tiborida bo`ladi. Bu borada joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ota-onalar va ustozlaringiz bilan birgalikda sizlarga yaqin ko`makchi va maslahatchi bo`ladi.
Mana shunday shukuhli onlarda siz, aziz farzandlarimni maktab ta`limini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizda dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan yana bir bor tabriklayman.
Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va mas`uliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qo`yib, bor kuch-g`ayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko`zlagan cho`qqilarga albatta erishasiz.
Barchangizga ishda va o`qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.
Doimo sog`-omon bo`ling!
Intilib, izlanib yashashdan aslo to`xtamang!
Baxt va omad hamisha hamrohingiz bo`lsin, aziz o`g`il-qizlarim!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti