AsosiyJAMIYAT

RASMAN! Endi pedofillar umrbodga qamaladi

Senat pedofillarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

'RASMAN! Endi pedofillar umrbodga qamaladi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Mehnat kodekslariga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Bunday jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etishning muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qo‘llash hamda muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida ularni so‘roq qilish jarayonini videoyozuvga qayd etish belgilanmoqda.

Jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirish faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qarori yoxud sud ajrimi asosida o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, bolaga protsessual jarayonning dastlabki bosqichidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi joriy etiladi.

Ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan hollarda ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun ham huquqiy asos yaratiladi.

Shuningdek, ota-onalarning bolalarga yetarlicha g‘amxo‘rlik qilmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

Muhokama yakunida Senat a’zolari qonunni ma’qulladi.

    Boshqa yangiliklar

    RASMAN! Endi pedofillar umrbodga qamaladi - Darakchi.uz