AsosiyJamiyat

"Jurnalist biroz egiluvchan bo`lmasa, ishlolmaydi", "Matbuot kotibi mina yashirilgan dalada yurgandek...", O`zbekistonda jurnalistlarga tahdid davom etyapti(mi?) So`z soha vakillariga

Jurnalistika o`lim xavfi bo`yicha jahondagi ikkinchi o`rinda turuvchi kasb hisoblanadi. Ha...

'"Jurnalist biroz egiluvchan bo`lmasa, ishlolmaydi", "Matbuot kotibi mina yashirilgan dalada yurgandek...", O`zbekistonda jurnalistlarga tahdid davom etyapti(mi?) So`z soha vakillariga'ning rasmi

Jurnalistika o`lim xavfi bo`yicha jahondagi ikkinchi o`rinda turuvchi kasb hisoblanadi. Har yili dunyoning turli davlatlarida yuzlab jurnalistlar yozgan maqolalari sabab o`ldirib ketiladi. 27 iyun — O`zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni. Bu kunda so`z erkinligi haqida ma`ruzalar o`qiladi, jurnalistlar ulug`lanadi, sovg`a-salomlar tarqatiladi. Jamiyat rivojida jurnalistlarning buyuk xizmatlari haqida gapiriladi. Aslidachi... O`zbek mediasi vakillariga ham tahdidlar bo`ladimi? Ularning yaxshi ishlashi uchun nima etishmaydi yoki qanday sharoit kerak, jurnalistlar qaysi hamkasblarini eng zo`ri deb biladi, sohadan ayri tasavvur qilib bo`lmaydigan soha – axborot xizmati vakillari media olam haqida nima deydi? Darakchi.uz xuddi shu savollar bilan bir qator media olam vakillariga yuzlandi.

Barno Madalieva, "Darakchi" gazetasi bosh muharriri:

— Karim Baxriev, Anora Sodiqova, Jamshidxon Ziyoxonovlprni eng yaxshi jurnalistlar deb tan olaman. Ayni paytda o`zim eng yaxshi jurnalist bo`la olishimga hamma imkoniyat bor, faqat biroz vaqt muammo. Ammo eng yaxshi jurnalistlarni kashf qilish harakatidamiz. Tahdidga uchragan vaqtlarim bo`lgpn, ammo qo`limizdagi dalillar bilan javob qaytara olganman. Vijdonimga qarshi ish qilmaganman.

Ilyos Safarov, Kun.uz sayti muxbiri:

— Kuchli jurnalistlar ko`p. Sohadagi hammadan nimadir o`rganish mumkin. Agar sanash kerak bo`lsa, Karim Bahriev, Shuhrat Shokirjonov, Aziz Qarshiev, Anora Sodiqova, Muhrim A`zamxo`jaev, Eldor Asanov, Maxsud Jonixonov  (baribir juda ko`pchilik esdan chiqib qolarkan) kabi jurnalistlarni aytishim mumkin. Meni eng yaxshi jurnalist bo`lishimga nima etmayapti? Qiziq va murakkab savol. Bilmadim, tajriba, bilim, qo`rqmaslik... Yaxshi jurnalist bo`lish uchun juda ko`p xislatlar kerak. Tazyiqlarga juda ko`p bor uchraganman va bu davom etmoqda. Yozgan maqola, qilgan intervyu yoki reportajlarim uchun tez-tez turli idoralarga chaqirilaman. U erda esa sizni soatlab ushlab o`tirishadi. Afsuski, bu haqda yurak yutib gapirish oson emas. Shunisi aniqki, bu davom etmoqda. Imkon qadar vijdonimga qarshi bormaslikga harakat qilaman. Lekin hozir shunday vaziyatki, jurnalist biroz egiluvchan bo`lmasa, ishlolmaydi. Egiluvchanlik esa gohida vijdonga qarshi borishga ham majbur bo`ladi.

Norqobil Jalil, "XXI asr" gazetasi bosh  muharriri, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist:

— Jurnalistman deyishim va o`zimni hech qursa 20-30 foiz imkoniyatimni namoyon etmog`im uchun XXII asrniyam ko`rishim kerak. Juda og`ir va mas`uliyatli kasb bu, haliyam yuragim dov bermaydi jurnalistman deyishga. Ayrimlar hozir uyalmay-netmay bu so`zni suiiste`mol qilayotir, xolos! Eng yaxshi jurnalist kim deganda, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Oybek domla, keyin Xurshid Do`stmuhammad, Mirzo Kenjabek, Davronbek Tojialievlarni aytishim mumkin. Faoliyatim davomida jismoniy tahdidga uchraganim yo`q, Xudo asrasin. Ma`naviy tahdidlar bilan har kuni ro`para kelyapman. Vijdonimga qarshi borsam, o`sha kuni hayotim tugaydi.

Gulnoza Husanova, "UzReport" telekanali bosh muharriri:

—  Haq gapni aytishdan, yozishdan qo`rqmaydiganlar — men uchun eng yaxshi jurnalist. Qolaversa, o`qish-o`rganishdan qochmasdan, har doim o`z o`stida ishlaydiganlarni hurmat qilaman. Ism-familiyalarini aytib o`tirmayman, ular atrofimizda juda ko`p. Yana kimnidir ismini esdan chiqarib qo`ysam, mendan hafa bo`lib yurishmasin. Jiddiy tahdidlarga uchramaganman. Shu materialingiz chiqsa, sizni o`ldirib ketamiz, so`yib ketamiz, degan tahdidlar bo`lmagan. Har doim vijdonimga quloq solishga harakat qilaman. Mobodo biror noto`g`ri ish (beayb faqat Parvardigor) qilib  qo`ysam, kech bo`lsa ham uni to`g`irlashga urinaman.

Inobat Normurodova, telejurnalist, siyosiy sharhlovchi:

—  Yurtimizda yaxshi jurnalistlar juda ko`p. Ularning bittasini tanlab aytolmayman. Ular shu qadar kamtarki, hammavaqt ularning mehnatlarini qadrlagan holda e`tirof  etib turaman. Eng yaxshi jurnalist bo`lishim uchun vaqt etishmaydi. Vaqt tig`iz, ayniqsa, shu kunlarda, voqealar shiddat  bilan   ketayabdi. Faoliyatimda tahdidga uchraganman. Shu kunlari uni eslagim kelmaydi. Chunki man yutib chiqdim. Taxdid qilganning o`zi taxdidga uchragan... Vijdonim qiynalgandayam o`zimga hamisha sabr tilaganman. Umr juda  qisqa, shuni  doim his etib turaman.

Rustam Jabborov, jurnalist:

—  Men Karim Bahrievni eng yaxshi jurnalist deb bilaman. U kishida bir jurnalistda bo`lishi kerak bo`lgan hamma narsa bor. Endi o`zimga keladigan bo`lsak, yaxshi jurnalist bo`lishimga iste`dod etishmaydi deb o`ylayman. Tahdidlar haqida gapirsam,  bu sohada tahdidlar bo`lishi tabiiy, menda ham bo`lgan, albatta. Ancha yillar oldin gazeta bosh muharriri bo`lib ishlagan vaqtimda yozgan maqolam sabab 4-5 kishi kelib urishmoqchi ham bo`lgan. Lekin vijdonimga qarshi ish qilmaganman.

Dilobar Yoqubova, “Oʻzbekiston24” telekanali siyosiy sharhlovchisi:

—  Yaxshi jurnalistlar ko`p. Masalan, Gulnoza Husanova, Xusan Ermatov, Quddus A`zam, Aziza Qurbonova. Bularning har birini o`z yo`nalishida eng zo`rlari deb bilaman. Tahdidlarga kelsak, ancha yillar avval bo`lgan.  Lekin shunda ham vijdonimga qarshi ish qilmaganman.

Sharofiddin To`laganov, jurnalist, siyosiy sharhlovchi:

—  O`zimni jurnalist deb bilaman. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarim bois ko`pchilik bloger ham deb o`ylaydi. Eng yaxshi jurnalist deganda ko`z oldimga Sherzodxon Qudratxo`ja, Norqobil Jalilov, Xusan Ermatov, Maqsud Jonixonov, Abduvali Soyibnazarovlar keladi. Ularda mahorat, jasorat va bashorat qilish qobiliyati bor. Menda shu xislatlar etishmaydi deb o`ylayman.  Faoliyatim davomida tahdidga uchramaganman, vijdonimga qarshi ish qilmaganman. 2007 yildan o`zbek matbuotida  xalqaro mavzu  yoritilmagan yillarida yo`lini topib "Hurriyat", "Milliy tiklanish" gazetalarida dolzarb mavzularda sharhlar berib borardim. Buning uchun mazkur gazetalarning bosh muxarrirlari Jaloliddin Safoev, O`ktam Mirzayorovlarga rahmat aytaman. Jurnalist va blogerlar ma`lumotni to`plab ommaga e`lon qiladi. Siyosiy sharhlovchi esa mamlakatda va dunyoda yuz berayotgan voqealarni tahlil qiladi. Bu jihatda siyosiy sharhlovchi jurnalist va blogerdan ustun turadi, deya ayta olaman.

Shoxira Hamro, jurnalist:

—  Aslida telejurnalistman, ijtimoiy tarmoqda esa bloger. Men yaxshi jurnalist sifatida biladigan hamkablarim ko`p. Ularning har biri o`z so`ziga, yo`nalishiga ega. Men o`zimning sohamda eng yaxshi jurnalistman. Umuman olganda eng yaxshi degani bu nisbiy tushuncha. Faoliyatim davomida tahdidga uchraganman. Biroq vijdonimga xilof ish qilmaganman.

Xusan Tangriev, Davlat bojxona qo`mitasi matbuot kotibi:

—  Oddiy bir o`quvchi sifatida Muhrim A`zamxo`jaev, Aziza Qurbonova, Ilyos Safarov kabi o`z kasbi ustalarining ijodlarini hurmat qilaman. Yaxshi mutaxassis bo`lishim uchun bilim, jur`at va vaqt hamisha etmaydi. Tanqidga deyarli har kuni uchrayman. Matbuot kotibi mina yashirilgan dalada yurgandek, kutilmagan, to`satdan inqirozli vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Bundaay vaziyatlardan samarali chiqishim uchun doimo yangi narsalarni o`rganishim, o`z ustimda ishlashim kerak. Vijdonimga qarshi ish tutmaganman. Ammo, ayrim holatlarda rahmdillik qo`zib turadi. Masalan, bojoxna qonunbuzilishini sodir etgan ayol yig`lab tursa rahmim keladi, lekin u qonunni buzgan, yoritishga majburman.

Nazokat Abduqunduzova, Innovasion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati rahbari:

—  Ayni damda matbuot kotibiman. Biroq, mana to`rt yilki matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritayotganimga qaramay, jurnalistlarga «hamkasblar» deb murojaat qilaman. Umuman olganda, men ham xuddi jurnalistlar kabi har kuni yangi mavzuni yoritishim kerak – ulardek izlanishim, ma`lumot yig`ishim, o`rganishim, mutaxassislarga murojaat etishim, murakkab mavzularni hamma tushunadigan tarzda taqdim etishim talab etiladi. Matbuot kotiblari bitta yo`nalishda ma`lumot berib zerikishsa kerak degan narsa, zinhor menga taalluqli emas. Negaki, innovasiyalar hayotimizning barcha jabhalariga, barcha sohalariga kirib boryaptiki, jurnalistikaning eng qiziq jihati – har kuni har xil mavzularda xabar yozish zarurati faoliyatimga qizg`inlik bag`ishlaydi. Dunyoga, hayotga, atrofda bo`layotgan voqeliklarga qiziqish bilan qaraydigan, shu bilan birga muammolarni ko`ra biladigan va mazkur muammolarga befarq bo`lmagan, tartibli, qat`iyatli, o`z ishiga ijodiy yondashadigan hamkasblarimni yaxshi jurnalist deb bilaman. Pandemiya davrida vazirligimiz O`zbekiston va Xitoy olimlari tomonidan yaratilgan vaksinalarni tadqiqotlarini olib borisharkan, ushbu vaksinaning foydasi, zarari, asoratlari, haqida turli gap-so`zlar urchidi. Dunyo olimlari, tibbiyot sohasining etakchi vakillari qatori O`zbekiston ilm-fani, tibbiyot sohasi vakillarining yangi virusga qarshi vaksinalar yaratishlari yo`lidagi zahmatli mehnatlarini yoritishga hissamni qo`shganimdan, ijtimoiy tarmoqlardagi vahimali taxminlar, qo`rquv aralash g`azabnok chiqishlarga javob berishda, aholimizni xotirjamligini ta`minlashda, vaksinaning afzalliklarini targ`ibot qilishda ishtirok etganimdan faxrlanaman.

Laylo Rustamova, Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibi:

—  Eng yaxshi jurnalist deb har bir holat va hodisaga xolis yondashadigan va har tomonlama tahlillarga asoslanib ommaga etkazadigan insonni ayta olaman. Har bir ishimga vijdonan yondoshishga harakat qilganman va bundan keyin ham qilaman. Ish faoliyatim yuzasidan hech qachon tahdidga uchramaganman. Ba`zida ishim bilan bog`liq inqirozli holatlar bo`lib turadi. Shukrki, ularni asta-sekinlik bilan bartaraf etib kelmoqdaman.

Lola Raxmanberdieva, Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot kotibi:

— Eng yaxshi degan iboradan saqlanaman, nisbiy tushuncha. O`zimga kelsak, hozir maza qilib maqola yozishga vaqt yo`q, afsuski. Lekin biror ish qilganda eng yaxshisi bo`lish, boshqalarning bahosi uchun mehnat qilishdan yiroqman. Men uchun asosiysi, ish jarayonidan bahra olish, o`zim uchun qandaydir yangi bilim va ko`nikmaga ega bo`lish va albatta, sohaga amalda foyda keltirish. Hech qachon vijdonimga qarshi ish qilmaganman, tahdidga ham uchramaganman, hozircha. Aslida o`zimni xafa qildirib qo`yadigan inson emasman (kuladi), kurashuvchiman.

Sevara O`rinboeva, Adliya vazirligi matbuot kotibi:

—  O`z sohasini, kasbini yaxshi anglagan jurnalistlar etarlicha bor. Lekin kasb etikasi, OAV qonunchiligiga amal qilmay faoliyatini olib borayotganlari ham yo`q emas. Matbuot kotibi sifatida barcha yo`nalishlardagi OAV bilan ishlayman. Ular faoliyatini monitoring qilish jarayonida shunday xulosaga kelindi: Hozir kimnidir zo`r desam, manchi deb boshqalari xafa bo`lishi mumkin. Istardimki, xolis va to`g`ri axborot tarkatuvchilar soni ko`paysin. O`quvchilarga rahm qilaylik (kuladi). Matbuot kotiblari orasida Hayot Shamsiddinov, Sevara Zakirova, Shohruh G`iyosovlar, umuman, xalq ta`limi, maktabgacha ta`lim sohalarini matbuot xizmatini ham jamoatchilik bilan ishlashda faollardan deyish mumkin. Jurnalist sifatida ishlab yurgan paytlarimda tahdid uchragan paytlarim bo`lgan,  ayrim mavzularni olib chiqqanda. Lekin kasbimiz shuni taqozo etadi. Vijdonimga qarshi ish qilmaslikka harakat qilaman qilaman. Agar shunday qilishga to`g`ri kelsa, u topshiriqni bajarmayman.

 

Karim Zaripov

    Boshqa yangiliklar